Namangan shahrida yashovchi fuqaro M.Egamberdievaning buzilishga tushgan turarjoyi uchun to`lanayotgan kompensasiya puli miqdoridan norozi bo`lib qilingan murojaati Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o`rganib chiqildi. Bu haqda Aldiya vazirligi darakchi.uz ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, M.Egamberdieva yashayotgan uyning kadastr hujjati uning qaynonasi O`.Tojibaeva nomiga 2009 yilda rasmiylashtirilgan. Uy “SHERDOR EXPERT” MChJ tomonidan 222 858 669 so`mga baholangan. Namangan shahar hokimining qaroriga asosan Namangan shahar, Sharq tongi MFY, Samarqand ko`chasida joylashgan turarjoylar buzilishga tushgan.
Shuningdek, fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudi tomonidan 2019 yil 27 iyunda “Da`vogar Namangan shahar hokimligi, javobgarlar O`.Tojiboeva va M.Egamberdievalar o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, javobgar M.Egamberdievaga 0,04 ga er maydoni ajratish, 113 000 000 so`m kompensasiya puli berishga, javobgar O`.Tojiboevaga Namangan shahar, Alpomish MFY, Xamza ko`chasida joylashgan 8-uyni rasmiylashtirib berishga, fuqaro O`.Tojiboeva etti kun muddat ichida uy-joyni buzib chiqib ketishga kelishilganligi bayon qilinib, er maydonini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olish va binolarni majburiy tartibda buzdirish haqidagi da`vo arizasi taraflar o`rtasida kelishuv bitimi tuzilganligi va u sud tomonidan tasdiqlanganligi sababli fuqarolik ish yuritishdan tugatilishi to`g`risida ajrim qabul qilingan.
Kosonsoy tuman ma`muriy sudi tomonidan 2019 yil 24 iyulda arizachilarning Namangan shahar hokimining 2019 yil 5 apreldagi 392-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasini qanoatlantirishni rad etish to`g`risida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudi tomonidan 2019 yil 25 iyulda “Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 27 iyundagi kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi ajrimining ijrosi mazkur fuqarolik ishi kassasiya instansiyasida ko`rib chiqilgunga qadar to`xtatib turish to`g`risida ajrim qabul qilingan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi kassasiya instansiyasi tomonidan 2019 yil 22 avgustda “Da`vogar Namangan shahar hokimligi javobgarlar O`.Tojiboeva va M.Egamberdievalarga nisbatan er maydonini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olish va binolarni majburiy tartibda buzdirish haqidagi da`vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 27 iyundagi ajrimi”ga nisbatan javobgar M.Egamberdieva tomonidan berilgan kassasiya tartibidagi xususiy shikoyati yuzasidan “Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 27 iyundagi ajrimi bekor qilish va ishni mazmunan ko`rish uchun birinchi instansiyaga yuborish to`g`risida”gi ajrimi qabul qilingan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan tumanlararo sudi tomonidan 2019 yil 8 oktyabrda “Da`vogar Namangan shahar hokimligi javobgarlar O`.Tojiboeva va M.Egamberdievalarga nisbatan er maydonini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olish va binolarni majburiy tartibda buzdirish haqidagi da`vosi asossiz deb topilib, qanoatlantirishdan rad etish to`g`risida”gi hal qiluv qarori chiqarilgan.
Bundan tashqari, murojaat yuzasidan fuqaro M.Egamberdieva bilan o`tkazilgan suhbat jarayonida Namangan shahar, Sharq tongi MFY, Samarqand ko`chasi, 9-uy uchun qaynonasi O`.Tojiboevaga Namangan shahar, Alpomish MFY, Xamza ko`chasida joylashgan 8-uyning barcha hujjatlari taqdim qilingan bo`lsa-da, hozirda ushbu uy-joy qaynonasi O`.Tojiboevaning nomiga rasmiylashtirilmaganligini, fuqaro M.Egamberdievaga uy-joyi uchun er maydoni ajratilmaganligini, “SHERDOR EXPERT” MChJning 2019 yil 1 iyundagi 477-sonli hisobotiga asosan baholangan summadan, ya`ni 222 858 669 so`m miqdoridan norozi ekanligini bayon qilgan.
Hozirda “ZAFAR PLAST” MChJ hamda fuqaro M.Egamberdieva o`rtasida uy-joy buzilishi uchun berilishi kerak bo`lgan kompensasiya miqdori yuzasidan kelishuvga erishilmaganligi sababli fuqaro M.Egamberdieva yashayotgan Namangan shahar, Sharq tongi MFY, Samarqand ko`chasi, 9-uy buzilmagan.






