Andijon ko`chalarida ichki ishlar organlari faoliyati uchun mo`ljallangan «Xan» elektrokari sinovdan o`tkazilmoqda. Uning og`irligi 400 kilogrammga yaqin bo`lib, 45 km/soat tezlikkacha harakatlanishi mumkin, qo`shimcha 120–150 kilometr yo`l bosa oladi va oddiy rozetka orqali quvvat oladi.
Ushbu ekologik toza, shovqinsiz va ixcham transport vositasi osoyishtalik posbonlarining turistik zonadagi xizmat faoliyatida hamda odamlar gavjum joylarda patrullik qilishida qo`l keladi. Mitti mashinaning akkumulyatorlari yukxonada joylashgan. Elektromobil modulli tuzilgan bo`lib, yo`lovchilar o`rni sonini o`zgartirish imkoniga ega. Bir maromda, ravon yura olishi hamda yong`in chiqish va portlash xavfi kamligi bilan ajralib turadi.
Elektrokar atmosferaga ishlangan gazlarni chiqarmagani sababli atrof-muhitga zarar etkazmaydi. Uning tuzilishi qo`shimcha uskunalar o`rnatish imkonini beradi.
«Xan»ning sinov uchun ishlab chiqarilgan namunasi Xonobod shahridagi «Xonobod Kyu Bi Koin» MChJda yaratilgan. Sinov yakunlangach, bu kabi avtomobillarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. Ular nafaqat Andijon viloyatida, balki mamlakatning boshqa hududlarida ham patrul-post xizmati naryadlari faoliyatiga joriy etilishi ko`zda tutilgan.
Shuningdek, kelgusida korxona sexlarida turli vazifalarni bajaruvchi elektromobil, elektroskuter va motisikllar ishlab chiqariladi.






