AsosiyJamiyat

O`zbekistonga bu yil qancha sayyoh tashrif buyurdi? Qo`shni Qirg`izistongachi?

'O`zbekistonga bu yil qancha sayyoh tashrif buyurdi? Qo`shni Qirg`izistongachi?'ning rasmi

Qadimiy Ipak yo`li chorrahasida joylashgan vatanimiz jahon turizm xaritasida o`z o`rniga ega bo`lib bormoqda. Mustahkam o`rin egallashimiz uchun esa sayyohlar sonini kelayotgan yillarda 10, ehtimol, 100 barobarga oshirishi kerak bo`ladi.

Bir qarashda bu juda mushkul ishga ham o`xshamaydi. Dunyo aholisining 75 foizi ipak yo`li bo`ylab sayohat qilishni orzu qilishi haqida ko`pgina ma`lumotlar mavjud. Xususan, Forbes jurnali Ipak yo`lini eng qudratli brendlardan biri ekanini tan olgan.

Xo`p, bu borada atrofimizdagi qo`shni davlat vakillarining qarashlari qanday? “Kirgiz turizm” bosh direktori Doniyar Kazakov bu borada o`z fikrlarini izhor etdi.

photo5379981768930733262.jpg

– O`zbekiston nafaqat Ipak yo`li chorrahasi, balki muhim tarixiy burilish nuqtasida turibdi, – deydi D.Kazakov. – “Buxoro”, “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qo`llagan holda “Ochiq osmon” rejimi ishga tushgani shundan dalolat beradi. Bu esa bozorni xalqaro aviakompaniyalarga mamlakat aeroportlari va ularning quruqlikdagi xizmatlari uchun ochadi. Bizda ham bu tajriba yaxshi natija berib, hozirda Dubay, Qatar aviakompaniyalari parvozi uchun ruxsat berilgan.

Bilishimcha, joriy yilda yurtingizda xorijiy sayyohlarga 1,1 milliard dollardan ko`proq xizmatlar ko`rsatilgan. Kuzatishlarimga ko`ra, sohada marketing yaxshi yo`lga qo`yilgan. Ayniqsa, turli davlatlarda turizm elchilari tayinlanishi ajoyib tajriba. O`rgansa arziydigan bu usulni biz ham ko`llab ko`rmoqchimiz.

O`tgan yillar davomida Toshkentga yigirma martadan ko`proq kelganman. Har safar viza masalasi muammo bo`ladi. Qiziqib, Chernyavka postiga ham borib ko`rdim. Odamlar ko`p, navbatda turib bir yarim soat vaqt yo`qotdim. Shu bois MDH davlatlari o`rtasida registrasiya, bojxona kabi jarayonlarga barham berishni taklif qilmoqchi edim. Markaziy Osiyo davlatlari uchun yagona viza joriy etilishi tarafdoriman. Ana shunda sayyohlik oqimini yanada kuchaytirish, xorijlik mehmonlarga qadimiy Buyuk ipak yo`lida joylashgan durdona shaharlar tarixi bilan yaqindan tanishish va bugungi kunidan bahramand bo`lishiga imkoniyat yaratgan bo`lardik.

Yo`llar ochilib, sayyohlarni erkin olib yurish imkoniyati yaratilsa, ham siyosiy, ham iqtisodiy yutuqqa erishamiz. Bunda sizlar Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy obidalarni taklif qilsangiz, biz cheksiz tabiatimiz, tog`larimiz, o`rmonlarim va otlarimiz, Qozog`iston otlari va cho`ldagi ob`ektlarni ko`z-ko`z qilishi mumkin. Qisqa aytganda har bir davlatning o`ziga xos yo`nalishi mavjud. Bu borada talashadigan, bir-biriga xalal beradigan hech narsa yo`q. Taomlarimiz ham o`ziga xos, o`zgacha. Kelganlar ularni har biridan tatib ko`rib, o`zi baho beraveradi.

Shu tarzda bu boradagi tajribalar va kuchlarimizni birlashtirsak butun dunyo sayyohlarini jalb qila olamiz. Misol uchun, biz bu yil 7 million nafar sayyoh qabul qildik. O`zbekistonda bu ko`rsatkich 6 milliondan ko`proq ekan. Agar “Ipak yo`li” brendini kuchaytirsak, ommalashtirsak dunyo aholisi Markaziy Osiyo davlatlariga oqib keladi. Buning uchun esa birlashmoq kerak.

    Boshqa yangiliklar