Yolg`onning umri qisqa, deyishadi. Ammo xaridorga otning kallasidek chegirmalar va`da qilgan do`konlardagi to`polonlar payti hech kim hech narsani eshitmaganidek, ba`zi bir tashkilotlar bugungi siyosiy taloto`plar davrida o`z “matoh”larini o`tkazishga muvaffaq bo`lmoqdalar.
Xususan, O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tagzaminsiz bayonotini aynan shunday to`polonlar payti ommalashtirilayotgan “matoh”ga o`xshatish mumkin.
Gap shundaki, bundan uch-to`rt kun avval partiya etakchilari va blogerlar o`rtasida anchayin qizg`in muloqot bo`lib o`tgan edi. Unda bloger Xushnudbek Xudoyberdiev OʻzLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo`mitasi raisi Aktam Haitov janoblariga fermerlar kengashi fermerlarni, savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarni o`z safiga majburiy a`zo qilishi qonunga zidmi, yo`qmi degan savol bilan murojaat qildi.
Masalaning nihoyatda jiddiy ekanini, “ha” desa minglab fermer va tadbirkorlar, “yo`q” desa “katta”lar oldida izza bo`lishini chuqur anglagan partiya etakchisi savolga masalchilarga xos tarzda javob qaytardi.
Bundan qoniqmagan bloger esa savolini yana qaytardi. Ammo bu safar ham “masalchilik mahorati” qaytarilib, ushbu savolga qonunchilik me`yorlari batafsil o`rganilib, keyinroq to`la ma`lumot berishga va`da qilindi.
“Ishtaha dasturxonda keladi” deganlaridek, ziyrak bloger ham qaysarlik bilan o`z savoliga shu tobda javob olish niyatida ekanini bildirdi. Shundan so`ng, suhbatga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov aralashib, bu holatda amaldagi qonunlar bir-biriga zid ekanini ta`kidladi va hamda mavjud vaziyatga vazminlik bilan izoh berdi.
Ya`ni “Fermer xo`jaliklari to`g`risida”gi qonunning 25-moddasida belgilangan “Fermer xo`jaliklarining O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga a`zoligi majburiydir” normasi boshqa qonunlarga zid ekanini qayd etdi.
Agar ana shu holatga xolis ko`z bilan qaralsa, A.Qodirovning A.Haitov yo`l qo`ygan xatoni tuzatish orqali vaziyatni yumshatishga uringani yaqqol ko`rinadi. Ammo OʻzLiDeP mutasaddilari bunday holatda o`zlarini kamsitilgandek his qildilar chog`i, Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga “buyurtma” berib, kengash bayonoti orqali o`zlarini oqlamoqchi bo`ldilar. Aslida esa ular ushbu bayonotlari bilan navbatdagi xatoga yo`l qo`ydilar, desak xato bo`lmaydi.
Huquqshunoslikdan birozgina xabardor kishi ushbu bayonot “chokidagi iplar” arang turganini darrov ilg`ashi aniq. Hatto fermerlar kengashi ham o`z yolg`onlarini qonunlar asosida izohlashga qanchalik harakat qilmasin, o`z yolg`onlariga o`zlari ham aldanib qoldilar.
Bayonotda fermerlarning Kengashga a`zoligi mamlakatimizning asosiy Qonuni me`yorlariga zid emasligi aytilib, Konstitusiyaning jamoat birlashmalari to`g`risidagi XIII bob, 56-moddasi asos sifatida keltirildi. Ammo ushbu moddada a`zolik haqida emas, balki jamoat birlashmalariga ta`rif berilganini keyin sezib qoldilar chog`i. Ammo endi kech edi…
A`zolik haqida esa O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining VII bob, 34-moddasida O`zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega ekani bayon qilingan. Ya`ni, bu erda majburiylik belgilanmagan.
Shuningdek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunning 2-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlari jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilishi ham ko`rsatilgan.
O`zbekiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari to`g`risida”gi qonunning 9-moddasida esa jamoat birlashmalarining faoliyatida ularning ustavlarida ko`zda tutilgan hollarda jamoa a`zolari: korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mehnat jamoatlari, fuqarolarning birlashmalari ishtirok etishlari mumkinligi belgilangan.
Demak, ko`rinib turibdiki, har qanday nodavlat notijorat tashkilotiga a`zo bo`lish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi qat`iy belgilangan.
Fikrimizga yanada aniqlik kiritadigan bo`lsak, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi Qonunning 18-moddasi 3-qismiga asosan u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga a`zolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning ko`rsatilishini talab qilishga yo`l qo`yilmaydi.
O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bayonotida yana bir jihat borki, bu shunday nufuzli idora yuristlarining huquqiy xatolarini ko`rsatib turibdi. Kengash o`z bayonotida kasaba uyushmalariga a`zolik ixtiyoriy ekanini aytib, fermerlar kengashi kasaba uyushmasi emasligini uqtirmoqchi bo`ladi. Bu bilan o`zini “professional tashkilot”, deb e`lon qilgan kengash xulosasini mantiqli xulosa, deb bo`lmaydi, albatta.
Kengash mutasaddilari bayonotni e`lon qilishdan avval uni o`qibdilaru uqmabdilar chog`i.
Shu o`rinda ular o`z bayonotlarini “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi qonun bilan izohlaganlarini ham ta`kidlash joiz. Ushbu qonunning 18-moddasi 2-qismida Fermer xo`jaliklarining O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga a`zoligi majburiyligi belgilangan.
Tan olish kerak, bugun qonunchiligimizda bir-birini takrorlaydigan va bir-biriga zid bo`lgan ko`plab Qonun va qonunosti hujjatlari bor. Xususan, “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi qonunni ham shunday hujjatlar qatoriga qo`shish mumkin. Chunki Qonunning 18-moddasi 2-qismi ham zamon zayli bilan qabul qilingan.
Bundan tashqari yuqoridagidek xatti-harakatlar fuqarolik kodeksi talablariga ham ziddir. Eslatib o`tamiz, joriy yilda mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a`zolari, shu jumladan, OʻzLiDePning mashhur deputati Rasul Kusherbaev ham uni qabul qilishga qarshi ovoz bergan edi.
Shu o`rinda yana bir taajjublanarli holat. Kengash ushbu bayonotni shu qadar shoshma-shosharlik bilan tayyorlaganki, hatto o`z faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi asosiy qonun nomini ham xato yozishgan. Biz har qancha urinmaylik, kengash bayonotida qayd etilgan “Fermerlik to`g`risida”gi qonunni topa olmadik. Ammo “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi qonun bor.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi har qanday qonun aholining huquq va erkinliklariga zid ravishda qabul qilinmasligi kerak, deb hisoblaydi.
Konstitusiyamizning 48-moddasiga ko`ra, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga rioya etishga, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. Zamonaviy davlat va huquq nazariyasida bugungi zamonaviy rivojlangan davlatlar amaliyotida qabul qilingan har qanday qonunni ham “huquqiy qonun” sifatida e`tirof etilmaslik amaliyoti mavjud. “Huquqiy qonun” o`zida erkinlik, tenglik va adolat qoidalarini aks ettirishi shart. Shu nuqtai nazardan, nodavlat notijorat tashkilotlariga a`zolikni majbur qiladigan qonunning ushbu tamoyillarga qanchalar muvofiq ekanligiga baho berish o`zingizga havola.
Shu munosabat bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga bo`lib o`tadigan saylovlarda barcha saylovchilarni nomzodlarga mas`uliyat bilan ovoz berishga chaqiradi.
Aziz saylovchilar! Parlamentda qaysi partiya ustuvor mavqega ega bo`lsa, aynan ana shu partiya vakillari Sizni amal qilishga majbur qiladigan qonunlarni qabul qilishi mumkinligini UNUTMANG.
Doniyor Toshboev, O`zMTDP Markaziy kengashi bo`lim boshlig`i






