AsosiyJamiyat

Uchta vazirlikda mehnatga haq to`lashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda

'Uchta vazirlikda mehnatga haq to`lashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda'ning rasmi

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish agentligi «Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident qarori loyihasini muhokamaga qo`ydi.

Qaror loyihasiga ko`ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati kiritilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining lavozimlari va tarkibiy bo`linmalarining nomlanishiga oid yagona talablarni belgilash taklif qilinmoqda. Ular ta`lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, sog`liqni saqlash muassasalari, madaniyat, ijod va san`at sohasidagi davlat tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, 2020 yil 1 iyuldan boshlab adliya organi va sud hokimiyati xodimlari, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari, shuningdek, davlat soliq xizmati maxsus unvonlarni (martaba darajalari) berish tartibini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

2020 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Adliya vazirligida quyidagi to`lovlarni nazarda tutuvchi davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to`lash tizimini joriy etish:

  • Davlat xizmatchilari mehnatiga haq to`lashning yagona tarif setkasiga muvofiq Davlat byudjeti hisobidan to`lanadigan bazaviy lavozim maoshi;
  • Davlat xizmatchilarining maoshiga malaka darajalari uchun qo`shimcha to`lovlar miqdoriga muvofiq Davlat byudjeti hisobidan to`lanadigan malaka darajasi uchun qo`shimcha to`lovlar;
  • ish beruvchi tomonidan belgilanadigan, tashkilotning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan to`lanadigan, lekin bazaviy lavozim maoshining 200 foizigacha bo`lgan shaxsiy ustamalar. Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to`lash tizimining joriy etilishi natijalari tahlili asosida ushbu tizim davlat fuqarolik xizmati to`g`risidagi qonunchilik tatbiq etiladigan barcha davlat organlarida joriy etiladi.

Tajriba tariqasida, bittadan adliya vazirining o`rinbosari, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o`rinbosari, oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining o`rinbosari va innovasion rivojlanish vazirining o`rinbosari lavozimlariga tanlov asosida tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasida davlat fuqarolik xizmati to`g`risidagi qonunchilik tatbiq etiladigan barcha davlat organlari ro`yxati tasdiqlanishi ko`zda tutilgan. Ular milliy, respublika, hududiy va tuman darajalariga bo`linadi.

Davlat fuqarolik xizmatiga ilk bor ishga kiruvchilarning qasamyod qabul qilishi kutilmoqda.

Hujjat muhokamasi 1 dekabrga qadar davom etadi.

 

    Boshqa yangiliklar