O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqaroning "Aybsiz holimga 7 yilu 100 kundan beri qamoqdaman..." deb yozgan maktubi yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.
2013 yil 18 yanvardagi jinoyat ishlari bo`yicha Kosonsoy tuman sudining hukmiga ko`ra Jobir Obidov (1975 yilda Namangan shahrida tug`ilgan, millati – o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta, muqaddam bir necha marotaba sudlangan) O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “b” bandlari, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish) 3-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi va 229-moddasi (o`zboshimchalik) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 410 baravari miqdorida, ya`ni 25 797 200 so`m jarima hamda 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Shuningdek, sudlanuvchi J. Obidovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasi konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida»gi Qarorining 7-bandi «b» kichik bandi tadbiq etilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o`talmagan muddati to`rtdan bir qismiga qisqartirilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2013 yil 15 martdagi ajrimi bilan J. Obidovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o`zgartirilib, unga tayinlangan jazoning o`talmagan qismini O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasi konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida»gi Qarorining 7-bandi «b» kichik bandiga asosan to`rtdan bir qismiga qisqartirish qismi bekor qilingan.
Sud hukmining qolgan qismi o`zgarishsiz qoldirilgan.
Ma`lum qilinadiki, fuqaro J. Obidov tomonidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat berilgan. Biroq, unga oid jinoyat ishi Bosh prokuraturaga ham keltirgan nazorat tartibidagi shikoyati bilan birga o`rganilayotganligi sababli, uning Oliy sudga yozgan shikoyati qo`shib o`rganish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan, deb yozadi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.






