AsosiyJamiyat

Deputatga qoridan javob: “Qorilik soha emasmi?!”

'Deputatga qoridan javob: “Qorilik soha emasmi?!”'ning rasmi

Yaqinda deputat Qobil Do`sovning (Kabul Dusov) Qur`on yodlash haqidagi fikri ko`pchilikning e`tiroziga sabab bo`ldi. Shu bilan birga, u insonning so`zlarini qaysidir ma`noda qo`llovchi odamlar ham bor edi. Zotan, shu mazmundagi tushuncha ko`pchilikda uchraydi. Ana shu e`tibordan, fursatdan foydalanib, ko`pchilikka foydali bo`ladi degan umidda, yurtdagi ahli Qur`onlarning kichik bir vakili sifatida ushbu mavzuda ayrim mulohazalarni e`tiboringizga havola qilishni zimmamdagi burch, deb topdim.
Bu fikrlarni ayrim shaxsiy sabablarga ko`ra o`sha kunlari xatga tushirishga imkon bo`lmadi. Hechdan ko`ra kech deganlaridek va bu erda faqat bir kishining fikri emas, boshqa shu kabi gap-so`zlarga ham umumiy javob bo`lishini nazarda tutib, bugun ushbularni taqdim qilmoqdaman.
Qobiljonni yaxshi inson deb bilib, yaxshi gumonda bo`lganimdan o`sha bitigida yaxshilikni iroda qilgan va gaplarida bir qism jonli fikrlar ham bor, deb o`ylayman. Ammo kengroq olib qaraganda, yumshoq qilib aytganda, u erda pishmagan, o`ta xom gap bo`lgan.
Avvalo shuni aytish lozimki, kishi o`zi yaxshi bilmagan, mutaxassisi bo`lmagan sohada o`zicha gapirmasligi kerak. Xususan, musulmon kishi Qur`onga nisbatan, unga bog`liq masalada so`z aytganda o`ta ehtiyotkor bo`lishi dinning talabi, iymonning taqozosi ekanini unutmasligi darkor. Aks holda kishi ko`p xatolarga yo`l qo`yishi turgan gap. Bunga deputatimizning so`zlari yaqqol misol bo`ladi. Ehtimol, u kishi o`z so`zida qorilarni Qur`on yodlash bilan cheklanmay, boshqa bilimlarni ham egallashga chaqirmoqchi bo`lgandir. Lekin postda bir necha jihatlarning hisobga olinmagani e`tirozlarga sabab bo`lgan.
Birinchidan, Qur`onni yod olish, tajvidini o`rganish va uni shu holda keyingi avlodga etkazishning o`zi katta ish, katta bir soha yoki, ayrim kishilarning ifodasi bilan aytganda, oliy nav hunarlardan hisoblanadi. Muhaddis hadislarni rivoyat qilish bilan shug`ullanadi, uning ishi shu. Shu bilan cheklansa ham, katta ish qilgan bo`ladi, shuning uchun unga fiqhni bilmaslik ayb emas. Chunki hadis rivoyatining o`zi Islom uchun, jamiyat uchun, kerak bo`lsa, siyosat uchun etarli xizmat bo`la oladi. Xuddi shu kabi, Qur`onni yod olish va uni o`rganganidek boshqalarga etkazish, uning tajvidu tartilini naql qilishning o`zi katta mehnat hisoblanadi. Buni hech ikkilanmay mustaqil bir ilm, alohida bir soha deyish mumkin. Shu bois, bunga nopisandlik bilan qarash yaramaydi.
Qur`onning mushaflarda qaydlangani kifoya emas, chunki uning yozuvda ifoda etib bo`lmaydigan jihatlari, ilmlari borki, ular faqatgina qalblardan qalblarga ko`chib o`tadi. Shuning uchun Qur`on satrlarda va sodrlarda (qalblarda) saqlanadi, deb aytamiz. Bu Qur`onga xos bo`lgan, boshqa ilohiy kitoblarda topilmaydiigan fazldir. Ushbu ilohiy iroda ijrosiga hissa qo`shishning o`zi inson zoti uchun etarli sharaf va vazifadir.
Shuning uchun «Falonchi quruq qori», «Qur`onni o`qib, ma`nosini bilmasa, foydasi yo`q», «Qur`onni yodlasa-yu, mohiyatini bilmasa, bir tiyin», «Ma`nosini bilmay Qur`on yodlagan odam magnitofondek gap» deganga o`xshash gaplar ilmsizlik va insofsizlik hisoblanadi.
Bir ojiz banda Allohning insoniyatga nozil qilgan so`nggi kalomini, Islom dinining dasturini xotirasida bir umr saqlab, kishilarga etkazadi-yu, hech narsa qilmagan bo`ladimi? Allohning so`nggi kitobini qalbida jamlab, tilovat qilib yuradi-yu, hech kim sanalmaydimi?
Donishmandlar aytadilar: «Odamlar oyoqlariga kiyadigan hayvon terisi Qur`onga vobasta bo`lgan edi, ko`zlarga surtiladigan, ziyorat qilinadigan mushaf bo`ldi. Endi Allloh mukarram qilib yaratgan inson Allohning nazargohi bo`lgan qalbida Qur`onni naqsh qilib jamlasa, u qanchalar hurmatga loyiq bo`ladi, o`zingiz bilavering».

Qo`shimcha qilish mumkinki, o`sha teriga ham Qur`onni har kim yozavermaydi, balki uni qalbida jamlaganlar yozadi, ammo qori uni o`z qalbiga o`zi joylaydi. Qur`on mushafda jamlanishi uchun teridan hech qanday ruhoniy harakat sodir bo`lmaydi, ammo Qur`onni qalbda jamlash uchun o`sha qalb Qur`onga iymon keltirgan bo`lishi, unga muhib bo`lishi, kerak bo`lsa, uning oshig`i bo`lishi darkor. Mushafda Qur`onning so`zlari qayd etiladi, ammo uning o`qilishi ifoda topmaydi. Qorining qalbida esa har bir so`zning o`qilishi ham qaydlangan bo`ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo qalbida Qur`on bor kishilarni «ilm berilgan zotlar», deya ta`rif etadi: «Balki u (Qur`on) ilm berilgan zotlarning ko`kslaridagi ochiq-oydin oyatlardir» (Ankabut surasi, 49-oyat).
Qur`onga iymoni bor odam unga taalluqli har bir narsaga muhabbatli, ehtiromli bo`lishi lozim. Qur`onga chin qalbdan ehtiromi bor har bir mo`min shunday bo`lishi tabiiy. «Kim Allohning nishonalarini ulug`lasa, bu qalblarning taqvosidandin» (Haj surasi, 32‑oyat).
O`tgan asrda Andijonda Aminjon maxdum domla degan olim zot yashab o`tganlar. Bu inson biz yuqorida aytgan haqiqatlarni his qilgan ekan. O`g`li Muhammad Mubin qori akaning o`rtog`i Rahmatulloh qori aka do`stini chaqirib kelsa, eshik tomon shunchalar tez chopib borar ekanlarki, poyabzalni ham kiymay, yalang oyoq peshvoz chiqar ekanlar, chunki «Hofizi Qur`on odamni kuttirib bo`lmaydi, unga peshvoz chiqish kerak», der ekanlar. Ba`zan esa o`g`lining o`sha oshnasini eshik oldigacha yalangoyoq chiqib, ta`zim bilan kuzatib qo`yar ekanlar. Bu ishni «Juda oshirvorgan ekan», deyishga hech kimning haqi yo`q, zero u kishining qalbida shaxsga emas, faqat Kalomullohga ehtirom e`tiborda bo`lgan. Ehtimol, ana o`sha muhabbat sababidan ham u kishining o`g`li Muhammad Mubin qori dada o`lkada o`z davrida Qur`onga eng katta xizmat qilgan ikki ustozning biri o`laroq etishgandir? Balki shuning uchun ham u kishining avlodidan son-sanoqsiz hofizi Qur`onlar uzilmay chiqib kelayotgandir?
Ikkinchidan, zamonaviy ko`z bilan qaraganda, Qur`on tilovati ta`limini gumanitar fanlar qatoridagi ilm deb qarash ham mumkin. Shunday emasmi? Agar Qur`on o`rganuvchi va o`rgatuvchini loaqal adabiyotshunos yoki tilshunos filologlarchalik ko`rilsa, bu ham bir soha bo`la oladi va uning mutaxassislari maosh olib ishlashlari mumkin bo`ladi. Biroq, bizda diniy ta`lim omma uchun deyarli yo`q hisobida bo`lganidan, qorilar ko`pincha mustaqil o`rganib, xolis xizmat qilib yurgani tufayli bu ilmni ba`zilar ma`lum bir soha sifatida ko`ra olmayotgan bo`lishi mumkin. Aslida so`nggi ilohiy kalomni, muqaddas kitobimizni qalbda saqlab berish nafaqat Islom ummati uchun, balki butun insoniyat uchun katta xizmat hisoblanadi.
Qorilikning o`rnini, mavqeini bilmaydigan odamlar islomiy ilmlarni haqiqiy ma`noda jonlantirish uchun bir maktab yoki madrasa ochishsin, ana shunda qorilarning qanchalar zarur, xizmatlari qanchalar yuksak ekanini ko`rishadi. Boshqacha qilib aytganda, qorilar «hunar»larini ana shu erda ko`rsatishadi. Yana ham aniqrog`i, biz dinimizdagi muhim bir sohani o`rganishga necha yillab umrini sarf etgan kishilarga ish joyi topib bera olmayapmiz, shuning uchun ham ularning mehnati ko`rinmayapti. Aslida biz ularga muhtojmiz, farzandimga Qur`on o`rgatsa deymiz, lekin voqelikda ularni quvib-solib, jinoyatchiga chiqarib yuribmiz. Ustiga-ustak, bechoralarni faqat malomat qilamiz, kamsitamiz. Insof qilish kerak!
Qur`on ta`limini qo`ying, ayrim mamlakatlarda Qur`onni yod olishning o`ziga maosh, imtiyozlar joriy qilingan. Masalan, bir paytlar Misrda vaqfdan qorilarga oylik berilgan. Xalil Xusariy rahmatullohi alayh Toshkentga kelganda Andijonlik Rahmatulloh qori dada va Abdulmalik qori akalar qiroat qilib berishgan. Shunda mehmon muftiy Ziyoviddin hazratga bexosdan: «Bularning maoshi qancha?» deb savol bergan ekan.

O`tgan yili Turkiyada taniqli olim, nufuzli diniy arboblardan biri bilan bo`lgan suhbatda u kishi gapdan gap chiqib, shunday dedi: «Hozir Turkiyada 150.000dan ortiq hofizi Qur`onlik shahodatnomasini olgan kishilar bor, ularga qator imtiyozlar bor, qaysi institutda o`qishsa, kerakli to`lovlari to`lab beriladi. Ammo ularning aksari o`sha guvohnomani olgan paytda Qur`onni to`liq yod bilgan bo`lsa ham, keyin esdan chiqarib yuborgan. Taxminan, 5000 tasi haqiqiy hofizi Qur`on bo`lsa kerak». Olim bu gapni biroz nolish bilan aytgandek bo`ldi.
Uchinchidan, men yurtimizdagi yuzlab qorilarni yaqindan bilgan odam sifatida aytishim mumkinki, qorilarimizning deyarli barchasi Qur`on ilmidan tashqari tirikchilik uchun qaysidir hunar yoki sohada faoliyat olib boradi. Ha, aynan hofizi Qur`onlar tadbirkorlikda ancha peshqadam yurishadi. Bunga o`tgan yilgi Qur`on musobaqasida qatnashgan, g`olib bo`lgan qorilarni misol qilib keltirish mumkin. Biri doktor, ikkinchisi haydovchi, boshqa biri kosib, ko`plari esa tijoratchi. Mabodo bitta-ikkita qori hunarsiz bo`lib, faqat Qur`on o`qitish bilan tirikchilik qilsa ham, bu ayb emas, balki sharafdir.
To`rtinchidan, fuqaholar Qur`on ta`limi uchun haq olish joizligiga ittifoq qilganlar. Ammo tilovat uchun haq olish boshqa masala. Qorilar Qur`on o`rgatgani uchun haq olsa, bu muallimlik sifatida maqbul ish, buning yomon joyi yo`q. Chunki shunday bo`lmasa, Qur`on ta`limi sustlashishi, zoe bo`lishi turgan gap. To`g`ri-da, nima uchun qandaydir bir ajnabiy tilni o`rgatsa yoki oddiy egulik tayorlashni o`rgatsa, haq olsa bo`ladi-yu, Qur`onni o`rgatgan odam haq olishi mumkin bo`lmasligi kerak? Axir Qur`on muallimi ham yashashi kerak, uning ham oilasi, bola-chaqasi bor... Shu bois, ularning Qur`on ta`limi uchun ma`lum miqdorda moliyaviy manfaatga ega bo`lishlarini yomon olish noto`g`ri. Buni yomonlash Qur`onga do`st bo`lgan odamlarning ishi emas. Faqat yurtimizdagi Qur`on ustozlari mustabid tuzum davrida xolis ta`lim berib, xalqni o`rgatib qo`yishgani uchun ko`pchilik buni tushunmaydi. Agar o`sha ustoz madrasada yoki maktabda Qur`ondan dars bergani uchun oylik olsa, halol bo`larmidi? Demak, xuddi ish uchun norasmiy ravishda ham olsa, u ham durust hisoblanadi.
O`rni kelganda shuni ham aytib o`tish kerakki, Qur`on ta`limi uchun haq olish masalasining o`zi katta mavzu. Bu haqda ko`p gapirish mumkin. Xulosa qilib aytganda, Qur`on ta`limi uchun kelishib haq olish joiz deyilgan bo`lsa ham, bunday qilmagan ma`qul. Balki Qur`on muallimi xolis xizmat qilsa, shogirdlar yoki ularning ota-onalari o`zlari bilib, ustozning ta`minotini qilishga harakat qilishsa, har taraflama yaxshi bo`ladi, Kalomullohning ehtiromiga loyiqroq bo`ladi. Bizda ustozlar mana shu raviyani joriy qilishgan va shu eng maqbul yo`ldir. Biroq, bunda muallimning ko`ngilchanligi, kamsuqumligini suiste`mol qilmaslik kerak. Ayrimlar o`zicha katta ketib, muallimga uch-to`rt so`m bergan kishi bo`lib, unga xo`jayin chiqib oladi, minnat qiladi. Bu holatda ilmda baraka bo`lmaydi.
Beshinchidan, ayrim sohalardagi mehnatning samarasi bevosita bo`lmasa, bilvosita ayon bo`ladi, bugun bo`lmasa, ertaga ko`rinadi, taraqqiyot, jamiyat uchun foyda keltiradi. Masalan, qaysi bir sohadagi ilmiy tadqiqotlar aynan bugun uchun, hozirgi siyosat uchun xizmat qilishi shart emas, ammo bir kun kelib kerak bo`lib qolishi mumkin. Aytaylik, kimdir Afrikadagi bir davlatning tarixi, ichki va tashqi siyosati haqida ilmiy ish qildi. Bugun hukumat bilan o`sha davlat o`rtasida hech qanday aloqa yo`q, qiziqish ham yo`q. Ammo birdan o`sha davlat bilan qandaydir munosabat o`rnatish kerak bo`lib qolsa, o`n yil oldin qilingan o`sha tadqiqot kerak bo`ladimi? Ha, kerak bo`lganda qandoq, ayni muddao bo`ladi, jonga malham bo`ladi.
Shuning uchun siyosatchilarning ilmiy sohalarga bugunning ko`zi bilan qarashi noto`g`ri, balki buni soha mutaxassislariga qo`yib berish kerak, ular bu borada har bir ishga to`g`ri baho bera oladi.

Oltinchidan, insof bilan qaralsa, ahli Qur`onlarimiz jamiyatda gul kabi ajrab turadigan fazilatli kishilardir. Ular jinoyatga qo`l urishmaydi, jamiyat a`zolari bilan o`zaro ehtirom bilan, odob bilan munosabatda bo`lishadi. Loaqal o`z oilalari bilan tinchib, o`z farzandlarini o`zlari ta`minlab, tarbiyalab, el-yurtga foydali, namunali insonlar qilib o`stirishmoqda. Aslida hozirgi kunda mana shuning o`zi ham jamiyat, Vatan va davlat uchun katta foyda bo`lib qoldi. Davlatga yukini solmay, o`zini eplab yuribdimi – shuning o`zi ham yurtning xazinasini sarflayotgan davlat uchun juda katta yordam bo`ladi. Ularning jamiyatga hech qanday ma`naviy yoki moddiy zarar etkazmasligi haqida esa gapirib o`tirmasa ham bo`ladi.
Ettinchidan, Qur`on yodlash insonning zehnini, iqtidorini nihoyatda kuchaytiradi. Shu bois, yoshligida hofizi Kalomulloh bo`lgan o`quvchilar kelgusida boshqa fanlarni ham yaxshi o`zlashtiradi. Turli sohalarda dunyoga ustoz bo`lgan buyuk allomalarimizning ilmiy yutuqlaridagi eng katta asos ham aynan shu ‒ yoshlikdan Qur`onni yodlaganlari bo`lgan. Buni nazarga ilmaslik kibr va kaltabinlikdir.
Sakkizinchidan, deputatlarimiz shunchalar xalqparvar, vatanparvar bo`lib, har bir fuqaroning jamiyatga, davlatga nima manfaat keltirayotgani haqida bosh qotirayotgan bo`lsalar, boshqa juda ko`p soha vakillari haqida so`zlashlari mumkin edi. Misol uchun, hozir yurtimizda novvoylardan ham ko`payib ketgan qo`shiqchilarni oling. Ularning maza-matrasiz «qo`shiq»lari uchun ham falon pul to`lanmoqda. Bu qo`shiqlarning foydasi u yoqda tursin, zarari jamiyatga kundek ravshan. O`ldim-kuydim degan, oiladan tashqaridagi sevgi-muhabbatni targ`ib qiladigan, qo`pol qilib aytganda, noshar`iy munosabatlarni tashviq qiladigan qo`shiqlar bugungi yosh oilalarning buzilishiga sabab bo`layotganini anglash qiyin bo`lmasa kerak. Bu soha vakillari yana xalqning xazinasidan maosh olishadi, hukumat tarafidan dastaklanadi. Ular uchun qator sharoitlar yaratilgan, katta saroylar bo`shatib berilgan, mukofotlar, imtiyozlar joriy qilingan. Xo`sh, nega ularning jamiyatga qanday foyda ketirayotgani haqida so`ralmayapti? Axir ular jamiyatning mulkidan ishlatishyapti-ku?
Yana bir yorqin misol. Kino sohasini olib ko`ring. O`zbek kinosi uchun davlat tarafidan har yili milliardlab pul ajratiladi. Bu pullar xalqning puli, xalqning mulki. Xo`sh, ular shuncha pulni olib, nima karomat ko`rsatishdi? Bir-ikkita asarni hisobga olmasa, o`zbek kinosining birorta yaroqli kinosi bormi? Deputat ko`zi bilan qaraganda, ular jamiyatga, taraqqiyotga qanday va qancha hissa qo`shishmoqda? Hissa qo`shishni qo`ying, zarar keltirmasaydi deb qo`rqadigan bo`lib qolingani sir emas-ku! Oddiy misol: odamlar qalbiga yo`q joydan vahima soladigan, jamiyat o`rtasida ayirmachilik keltirib chiqaradigan, xalqning nazaridan qolgan, o`ta umri qisqa, buyurtma kinolar qanchalar mablag`ni havoga sovurganini nega hech kim gapirmaydi? Nega hech kim buning uchun hisobot so`ramaydi? Bu sohadagi korrupsiyani‑ku aytmasa ham bo`ladi. Haqiqiy iqtidor egalari bir chetda qolib, qaerda bo`lsa, falonchilarning «odam»lari javlon urib yurishini soha vakillari juda yaxshi biladi. Bu ham xalqning mablag`ini noto`g`ri sarflash emasmi?
Bu o`rinda futbol sohasini eslamay iloj yo`q. Futbolchilar ilm‑fan rivojiga, xalqning hayoti farovonligiga, yurt taraqqiyotiga nima hissa qo`shishdi, qani, kim ayta oladi? Holbuki, ular vazirlardan kam oylik olmasa kerak. Ular kechayu kunduz qora terga botib mehnat qilayotgan ishchilar, bir necha yillik bilimu tajribalarini ishga solib, kunni tunga ulab xizmat ko`rsatayotgan o`qituvchiyu shifokorlarning maoshiga bir necha barobar oylik, sovrinlar olib, tomoshabinlarning asabini qayraydigan o`yin qilishdan boshqa nima hunar ko`rsatishdi? «Mana endi chempionatga chiqamiz», degan aldov bilan o`ttiz yilni o`tkazib yuborishdi, ammo hech kim ulardan hisobot so`ramaydi.

Ularning nomi ulug`, surpasi quruq murabbiylarining maoshini ko`ring, millionlagan dollar. Oldin Samvel Babayan degani o`zbekning necha millardlab pulini o`marib ketgan edi. Yaqinda Ektor Kuper degani shartnoma buzilgani bahonasi bilan ishlamagan kunlarining o`ziga bir necha million evro undirdi. «Sen bizning yugirtaklarni chempionatga olib chiqishing kerak edi, hech vaqo bo`lmadi. Maosh olishni qo`y, aslida sen jarima to`lashing kerak», deydigan odam yo`q. Xo`sh, o`sha janoblar olayotgan milliardlab pullarni kim yonidan to`layapti? Hamma‑hammasi jigari ezilib mehnat qilayotgan, dunyo bo`ylab sarson yurgan xalqning boyligidan emasmi? Bularni kim hisob‑kitob qiladi? Ular vatan uchun nimani qoyillatishdi?
Qorilarning ilm‑fanga nima hissa qo`shayotgani haqida tashvish chekayotgan deputat janoblari xalqning pulidan oylik olib ishlayotgan o`z sohasi vakillari xalq uchun nima karomat ko`rsatganini aytib bera olarmikin? Besh yilda bir uyg`onib, ko`rinish berib, yana qayta chuqur uyquga ketayotgan, xalqqa bergan va`dalari esdan chiqib, ostonasi tillo uylarni ko`zlab yurgan odamlar taraqqiyot uchun nima hissa qo`shishdi ekan? Qaysi deputat xalqning qaysi muammosini hal qilib berganini kim eslay oladi, qani, aytinglarchi. Odamlar o`z deputati kimligini ham, uning ismi sharifini ham bilmasligi hech kimga sir emas‑ku. Bechora xalq ularning yuzini besh yilda arang bir‑ikki bor ko`rishga musharraf bo`lishi mumkin, xolos. Va`dalar ham deyarli bir xil, bir‑biridan ko`chirma qilingan. To`g`rida, bajarilmagandan keyin nima qizig`i bor? Xo`sh, ular o`zi nimaning hisobiga oylik olishyapti? Har zamonda bir majlisda qatnashib, qo`l ko`tarib, qarsak chalganlari uchunmi? «Shunday yaxshi ishlar bo`lsa, aytinglar, biz ham qilaveramiz», deging keladi.
Xullas, gapirsa gap ko`p. Bunday sohalarni yana ko`p keltirish mumkin. Kamiga ular bilan gaplashsangiz, nolib qolishadi, «bizda chet eldagidek sharoitlar yo`q-da», deb qo`yishadi.
Qorilar-ku, davlat xazinasidan bir chaqa ham haq olmaydi, eplab aravasini tortib, ro`zg`orini butlab yuribdi. Vaqti kelsa, birov quvlab solmaganiga shukr qilib yurishadi. Lekin keragicha dastak olib kelgan mashshoqlar, masxarabozlar, qiziqchilar, shoirlar va boshqalar jamiyat taraqqiyotiga, ilm-fan rivojiga nima hissa qo`shishyapti, buni ham bir muhokama qilib ko`ringlar.

Xulosa qilib aytganda, Qur`on va unga tegishli barcha narsalarga ehtiyotkorlik bilan yondashuv kerak. Shu bilan birga, har kim o`z sohasi bilan mashg`ul bo`lishi kerak, o`z ishini qilishi kerak, shunda ish buzilmaydi, muammo chiqmaydi. Qur`oni Karimni o`rganish va o`rgatishning o`zi katta bir soha, faqat biz bu haqiqatni ko`ra olmayotgan bo`lishimiz mumkin.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

    Boshqa yangiliklar