AsosiyJamiyat

Otarchi o`tlaydimi?

'Otarchi o`tlaydimi?'ning rasmi

Ona tilim - oltin sandig`im

“Otar” degan so`z tilimizda qadimdan bor. Yaylovda boqiladigan qo`ylarning yirik to`dasi “otar” deb ataladi. “Otar” so`zi qir-adirlarni, qo`tonlarni, cho`ponlarni esga soladi. “O`zbek tilining etimologik lug`ati”da izohlanishicha, “erdan o`zi ko`karib chiqib, bir yillik yashil o`simlik” ma`nosini anglatgan “ot” (o`t) otiga – “-a” qo`shimchasini qo`shib yasalgan “ota” – “o`ta” fe`li mavjud bo`lgan va “o`t e” ma`nosini anglatgan (keyinchalik bu fe`l iste`moldan chiqqan), shu fe`lga -r qo`shimchasi qo`shilib, “otar” sifatdoshi hosil qilingan. Bu sifatdosh asli “o`tlaydigan” ma`nosini anglatgan, keyinchalik otlashib, “yaylov”, “o`tloq” ma`nosini, so`ngra “o`tlovchi hayvonlar” ma`nosini anglata boshlagan”.

Xo`sh, unda keyingi davrlarda paydo bo`lgan “otar­chi”, “otar” so`zlariga nima asos bo`lgan? Ehtimol, bu so`zga “ichkilik ichish” ma`nosidagi “otar” so`zi sabab bo`ldimikin? Chunki ichkilikbozlik bazmi tilimizda “otar” so`zi bilan ham ifodalanadi. Masalan: “Kecha otarda rosa tortibmiz”. Yoki “o`rta”, “o`rtachi” so`zlari o`zgarib, “otarchi”ga aylandimikan? Balki u “o`tarchi”dir. Bu haqda aniq bir narsa deyolmaymiz. Lekin otarchining otarga chiqishi ramziy ma`noda o`tlagani chiqishi bilan uyg`un keladi. Adabiy o`xshatishlarda “otarchi otarga o`tlagani ketdi”, “otarchi o`tlab ketdi” deb ishlatilsa, harqalay mantiqsiz o`xshatish bo`lmaydi. Ehtimol, ikki “otar”ning ildizi ikki yoqdadir, bir-biridan yiroqdadir, shunday bo`lsa-da, ularda g`alati o`xshashlik borday tuyuladi.

Parvardigor

Har kuni ichimizda ham, tashimizda ham eng ko`p murojaat qiladigan so`zimiz bu. Shuning uchun “parvardigor” so`ziga bilganimizcha izoh berib o`tishni ma`qul ko`rdim. “Navoiy asarlari lug`ati”da forsiydagi “parvar” so`zi “So`z birikmasida ko`pincha tarbiyalovchi, quvvatlovchi, jonlantiruvchi ma`nolarida keladi” deb, “parvard” so`zi “So`z birikmasida tarbiyalangan, o`sgan ma`nosida keladi” deb, “parvarda” so`zi esa, “tarbiya topgan, parvarishlangan” mazmunida deb izohlangan. Xuddi shu lug`atda forscha “kirdigor” so`ziga “Yaratuvchi (Xudo)” deya izoh berilgan. Shundan kelib chiqib, “parvardigor” so`zining bitta ma`nosini “olamlarni parvarish etuvchi, tarbiya etuvchi” ma`nosida anglasak bo`ladi.

Soqol va saqoq

Iyakda o`sadigan qiltuklar qoplamasi ma`nosini anglatgan “soqol” so`zining tub ildizi qadimgi turkiy tildagi “engak” (iyak) ma`nosini anglatgan “saqoq” so`ziga borib taqalishi haqida “O`zbek tilining etimologik lug`ati”da aytilgan.

Mahmud Koshg`ariyda ham “saqaq” so`zi iyak ma`nosida keladi va u “Saqaq oxshar, saqal bichar” (“Soqolini qirqadi-da, hiyla uchun iyagini silaydi”) degan maqolni keltiradi. Bizning mumtoz adabiyotimizda “saqog`” so`zi ko`p qo`llangan. Masalan, Alisher Navoiyda shunday bayt bor:

Gahi ko`z surtaramda yo`qsa haryon shodlig` ashkim

Gul uzra qatra shabnamlar kabi siymin saqog`inda.

Mahmud Koshg`ariy “saqa” so`zi “tog` etagi” degan ma`noni anglatishi haqida ham aytgan. Demak, soqolda ham, iyakda ham, tog` etagida ham pastga tomon yo`nalish holati borligini hisobga olsak, ulardagi umumiy ildizni ilg`ashimiz mumkin.

Shu o`rinda bir hangomani eslab o`tgim keldi. Qish­log`imizda Bo`ta bobo degan bir kishi bor edi. Juda zamonaviy chol edi, fe`li bor edi qurg`urning. Yoshi etmishdan oshib ketganda ham soqol qo`ymagan edi. O`tgan asrning oltmishinchi yillariga xos kitelsifat kostyumda, xrom etik va shlyapada yurardi. Shunda bir davrada bir-ikkita keksa gapchinozlar Bo`ta boboni olib qochishib, shuncha yoshga kirib ham soqol qo`ymaganini ta`na qilishib ustidan kulishadi. Undan dashnom ma`nosida: “Endi shunday yuraverasizmi, soqol qo`yasizmi o`zi, yo`qmi, u dunyo­da nima deb bahona topasiz?” – deb so`raydilar. Shunda Bo`ta bobo ularga: “Mening xudodan jon qarzim bor, jun qarzim yo`q!” – degan ekan.

Garchand, “Erning ko`rki soqol, gapning ko`rki maqol” degan yaxshi gap bor-ku, lekin buyam bir hangoma-da.

Gap kelganda bir she`rimdan bir parchani keltirib o`tay:

Ko`rib-kechirmagan sira el bo`lmas,

Hamon yurt oralab yurar bir maqol:

Har mo`yi oqargan oqsoqol bo`lmas,

Axir echkida ham oqarar soqol.

 

Eshqobil ShUKUR, shoir

"Bobo so`z izidan" kitobidan.

    Boshqa yangiliklar