2021 yilda O`zbekistonda Sankt-Peterburg konchilik universitetning filialini tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu haqida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida bo`lib o`tgan Sankt-Peterburg konchilik universiteti vakillari bilan uchrashuvda ma`lum qilingan.
Universitetning oliy ta`limgacha tayyorgarlik va ijtimoiy dasturlar markazi direktori, qabul komissiyasi mas`ul kotibi V.Voronov bilan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari U.Begimkulov o`rtasidagi uchrashuv samarali kechdi.
– Universitetimizga 2019-2020 o`quv yilida 17 nafar o`zbekistonlik talaba qabul qilindi, ularning ishtiyoqi tahsinga loyiq, – dedi uchrashuvda V.Voronov. – O`zbekiston oliy ta`lim tizimidagi o`zgarishlar, qolaversa, yurtingiz ta`lim va mehnat bozoridagi talabning yuqoriligi, iqtisodiyotning rivojlanishi har qanday kadr tayyorlovchilarni qiziqtiradi.
Ma`lum qilinishicha, muzokaralarda filialni tashkil etish bilan bog`liq tashkiliy tadbirlar muhokama qilinib, tomonlarning vazifalari belgilab olindi.
Rossiya delegasiyasi O`zbekiston oliy ta`lim muassasalari bilan razvedka, ishlov berish, burg`ilash texnologiyasi, neft va gaz, energetika, metallurgiya, ekologik xavfsizlik, geoekologiya, mashinasozlik kabi yo`nalishlarda hamkorlikda kadrlar tayyorlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Mehmonlar bugun Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialiga tashrif buyurib, oliygohdagi sharoitlar bilan tanishdilar






