— Men onaman, ustozman. Asli vazifam bo`lsa-da, farzandlarimga, shogirdlarimga halollik, adolat haqida so`z ocholmay qolgandim. O`zimdan o`tgani o`zimga ayon edi. Halol mehnatim, aybsizligimni isbotlash nechog`lik og`ir ekanini hayotim misolida yaxshi anglayman. Prezidentimizga ming rahmat. Adolatli jamiyat qurish yo`lida sudlar odilligini taminlashga kirishdi. Men shu islohotlarning bir namunasiman. Adolat bor ekan mana men oqlandim, – deydi kattaqo`rg`onlik o`qituvchi Muhayyo Nosirova.
Kattaqo`rg`onlik o`qituvchi Muhayyo Nosirova ham o`z nomini oqlash uchun kurashdi. Sudlangan paytida bu ayol Kattaqo`rg`on shahar xalq ta`limi mudiri vazifasida ishlagan. Nazorat tartibida bergan shikoyatida quyi sudlarda ish bo`yicha isbotlanishi lozim bo`lgan holatlarni har tomonlama xolisona tekshirilmaganini ma`lum qilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida esa sudlov hay`ati sud qarorlarining M.Nosirovaga oid qismini bekor qilib, ish bo`yicha uning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmagani munosabati bilan uni aybsiz, deb topdi.
Ma`lum qilinishicha, 2016 yilgacha sudlarda oqlov hukmi chiqarish amaliyoti deyarli bo`lmagan.
1991—2016 yilgacha 1 nafar, 2016 da 6 nafar, keyingi uch yilda esa 1 ming 705 nafar inson bunga musharraf bo`ldi. Aniqroq aytganda, 2017 yilda 262 nafar, 2018 yil 867 nafar shaxs oqlangan bo`lsa, joriy yil 9 oyida sudlar tomonidan 576 nafar shaxs oqlandi.






