AsosiyJamiyat

Musulmonlar idorasi oldida to`polon qilgan shaxslarga qanday jazo tayinlandi?

'Musulmonlar idorasi oldida to`polon qilgan shaxslarga qanday jazo tayinlandi?'ning rasmi

Bugun, 18 oktyabr kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Rustambek Karimov (1975 yilda Toshkent shahrida shahrida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz) va Tulkun Astanov (1971 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi. Bu haqida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov tomonidan ma`lum qilingan.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent  shahar sudi sudyasi Orif Qlichev raisligida ko`rib chiqildi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, R. Karimov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat  kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazoy tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat  ishlari bo`yicha Sirg`ali tuman sudining 2019 yil 16 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil o`tash uchun 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil koloniyalarda o`tattirish belgilandi.

T. Astanov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat  kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni  sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) tartibida, tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli deb hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Sinov muddati hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanishi ko`rsatildi.

Shuningdek, mazkur jinoiy ish bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.

    Boshqa yangiliklar