Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Jizzax viloyat hokimligi bilan hamkorlikda joriy yilning 22 oktyabr kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi biologiya (qo`shimcha respublika) olimpiadasi bo`lib o`tadi, deya xabar beradi Vazirlik matbuot xizmati.
Ushbu olimpiada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Jizzax shahridagi “Umid” ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabida o`tkaziladigan mazkur olimpiadada 2018-2019 o`quv yilida asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g`olib bo`lib (1-2-3-o`rin), hozirgi kunda umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf, akademik liseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o`quvchilar ishtirok etadi.
Olimpiada ishtirokchilariga 40 ta test savoli va ushbu testlarni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Belgilangan muddat ichida ishtirokchilar javob varaqasini to`ldirib, nazoratchilarga taqdim etishlari lozim.
Natijalarga ko`ra, eng yuqori ball to`plagan ishtirokchilarning uch nafari g`olib deb topiladi. G`olib o`quvchilar pul mukofoti va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.






