AsosiyJamiyat

Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo`mitasi a`zoligiga saylandi

'Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo`mitasi a`zoligiga saylandi'ning rasmi

Ayni kunlarda parlament a`zolaridan iborat O`zbekiston delegasiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo`lib o`tayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasi ishida qatnashmoqda.
 

1889 yilda tuzilgan Parlamentlararo Ittifoq turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramog`ida bo`lmagan) tashkilotlardan biri hisoblanadi. Parlamentlar o`rtasidagi aloqalarni rag`batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko`rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir. Ayni vaqtda Parlamentlararo Ittifoqqa 178 davlat parlamentlari a`zo hisoblanadi. 2017 yil 13 oktyabrdan O`zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotdagi a`zoligini qayta tikladi. 
 

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin xamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo`llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan. 
 

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasida 2020-2022 yillarga Parlamentlararo Ittifoqning Evrosiyo guruhidan  Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo`mitasi a`zoligiga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi, akademik Akmal Saidovning nomzodi ilgari surilgan edi.
 

Bugun — 18 oktyabr kuni o`tkazilgan yuqori maqomdagi majlisda A.Saidov nomzodi tasdiqlanib, u Parlamentlararo Ittifoqning Evrosiyo guruhidan  Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo`mitasi a`zoligiga saylandi.  
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakilining Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo`mitasidagi a`zoligi mamlakatimizga xalqaro parlamentlararo tuzilmalarining faoliyat maydonlaridan samarali foydalanish, o`zaro manfaatli, uzoq muddatli, konstruktiv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, ilg`or amaliyot bilan tanishish, eng muhimi, O`zbekiston manfaatlariga oid dolzarb masalalarni faol ilgari surish imkonini beradi.
 

Shaxdam qadamlar bilan taraqqiy etib borayotgan O`zbekiston xalqaro parlament institutlari tomonidan ham haqli ravishda e`tirof etilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-siyosiy islohotlarning tan olinishi belgisidir. 

    Boshqa yangiliklar