AsosiyShou-biznes

2014 YIL: YuLDUZINI TOPGAN 14 YuLDUZ

O`z yakuniga etgan 2014 yilda san`at olami vakillarining nafaqat ijodi, balki shaxsiy hayoti ham unutilmas voqealar bilan boyidi. Mazkur yil o`tgan yilgi singari to`ylar mavsumiga boy bo`lmasa-da, o`z juftini topishdek baxtga erishganlar talaygina. O`tayotgan yilni sarhisob qilar ekanmiz, an`anani chetlab o`tmagan holda har bir quvonchli voqeaga birma-bir to`xtalib o`tishni joiz topdik...

1. Xonanda, bastakor va shoira Nigina NABIEVA yanvar oyining birinchi yarmida Odiljon bilan visol oqshomini nishonlashdi. Ko`plab xonandalarning “xit” qo`shiqlari muallifi Nigina onalik baxtiga erishish arafasida.

2. Bu yil o`z ijodi bilan e`tiborga tushib, “E`tirof-2014”ning “Yilning eng faol guruhi, ansambli, orkestri” nomzodlari qatoridan joy olgan «Afruz» guruhi a`zolaridan biri Muzaffar BOBOXONOV 1 may kuni uylandi.

3. Rejissyor Rustam Sa`dievning “maktab”ida tahsil olgan yosh rejissyorlardan biri Dilmurod AGZAMOV bo`ydoqlar safini tark etib, 3 may kuni Mohinur bilan baxt to`yini o`tkazishdi.

4. “Yoshlar” teleradiokanalining “Ko`zmunchoq” ko`rsatuvi muallif va boshlovchisi Maftuna TOJIBOEVA 24 avgust kuni visol oqshomini nishonladi.

5. «Grand» radiosining bosh muharriri va boshlovchisi Ibrohim AHMEDOV 25 avgust sanasida sevgan qiziga uylandi.

6. San`at “oshxona”sida ijod qilib, barchaga birdek hush yoquvchi “taom”lar taqdim etishga urinayotgan yosh xonanda Botir YaMINOV 2 sentyabrdan boshlab, chin ma`nodagi oshxona yumushlarini Nigoraxonga topshirdi.

7. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher Fayzning ukasi — xonanda Xurshid TURDIEVning elkasiga 2 oktyabr kuni olaxurjun tushdi. “Yaxshi qiz innaykeyin, rozimisiz, innaykeyin? Aytganingiz aytgan, deganingiz degan, jilovingiz tortaman to`ydan keyin”, deya xonish qiladigan Xurshid, xonanda Bahrom Nazarovning klipida suratga tushgan Nilufarxonga uylandi.

8. Xurshid Turdievning to`yida mehmon bo`lib, ertasiga o`zi ham to`y qilgan “Toshkentning sho`x qizi” Dilfuza Ismoilova 3 oktyabr sanasida o`g`li Sardor ISROILOVni uylantirdi.

9. 21 oktyabrda sobiq «Benom» guruhining a`zosi SARVAR O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida tanishgan qizi Dilafro`zga uylandi.  

10. Kutilmaganda qarorlari bilan shou-biznes vakillarini hayratga solgan klipmeyker Sanjar MATKARIMOV va xonanda RUXShONA 2 noyabr kuni turmush qurishdi.

11. «Laylo, opang qani» va «Muyassarxon» nomli qo`shiqlari bilan e`tiborga tusha olgan xonanda Zuhriddin BAXRIDDINOV xonanda Hosila Rahimovaning qiziga uylandi. To`y 3 noyabr kuni Toshkent, 6 noyabrda esa Namanganda bo`lib o`tdi.

12. 5 noyabr ustozoda san`atkorlar Gulchehra va Lutfulla Sa`dullaevlar uchun unutilmas kun bo`ldi. Boisi kenja qizi Muqaddas SA`DULLAEVA aktyor Sanjar G`ANIEVga turmushga chiqdi.

13. Filmlardagi rollari va ayniqsa xonanda Ulug`bek Rahmatullaevning “Chaqaloqlar” qo`shig`iga ishlangan klipidagi ta`sirchan ijrosi orqali yaxshi tanish bo`lgan aktrisa Shahlo TEMIROVA 4 oktyabr sanasida baxt ostonasiga qadam qo`ydi.   14. “Tarona-rekords” ovoz yozish studiyasining “art” direktori, xonandalar Shahzoda va Nilufar Usmonovaning ish yurituvchisi Davron MUQIMOV 27 noyabrda  Malika bilan oila qurdi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar