2018 yilning dekabr va 2019 yilning yanvar oylarida issiq suv harajatini hisoblash moslamalarini majburiy davlat tekshiruvidan o`tkazish muddati tugaganligi sababli, “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan issiq suv uchun iste`molchilar bilan o`zaro hisob-kitoblar amalga oshirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Biroq, ushbu tashkilot Vazirlar Mahkamasining muvofiq qarori bilan tasdiqlangan “Ko`p kvartirali uylarda issiqlik ta`minoti xizmatlarini ko`rsatish qoidalari”da ko`zda tutilgan talablarini o`z vaqtida bajarmaganligi sababli, Davlat xizmatlari agentligining Toshkent shahar boshqarmasiga fuqarolardan arizalar kelib tushdi. Shu sababli, DXA tomonidan o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan qoidabuzarliklarga yo`l qo`yilib, 60112 iste`molchidan 45.8 milliard so`m xato ushlab qolingani aniqlandi.
2019 yilning aprel oyida 49655 iste`molchi uchun 34.55 milliard so`mlik qayta hisob-kitob amalga oshirildi.
Kelgusida tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida, qayta hisoblash ishlari amalga oshirilgan iste`molchilarga “Toshissiqquvvati” tuman korxonalari tomonidan o`tkazilgan qayta hisob-kitob va solishtirma dalolatnomalar jo`natildi.






