AsosiyJamiyat

Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o`quv maydonida yangilangan o`quv bazasi foydalanishga topshirildi

'Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o`quv maydonida  yangilangan o`quv bazasi foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o`quv maydoniga tashrif buyurgan mehmonlar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va harbiy xizmatchilar yangilangan ta`minot bazasi bilan yaqindan tanishishdi.

Unda ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov yangilangan o`quv bazani foydalanishga topshirilishi Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixida yangi sahifa ochishini, harbiy ta`lim jarayonini yanada yuqori pog`onaga olib chiqishini ta`kidlab o`tdi.

- Yangilangan bazada qurilish ishlari olti oy davomida olib borildi, – deydi “Fartib garant montaj” MChJ rahbari Sherzod To`raev. – Dala sharoitda shaharchada kursantlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Qurilish ishlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qurilish mollaridan foydalanildi. Sifat darajasi chet elnikidan aslo farq qilmaydi.

Darhaqiqat, zamon talablari asosida qaytadan qurilgan yotoqxona, tibbiyot punkti, oshxona, o`quv xonalari va boshqa binolar har tomonlama qulayligi va ko`rkamligi bilan ajralib turibdi.

O`quv jarayoniga bevosita ijobiy ta`sir ko`rsatishga xizmat qiladigan yangiliklardan biri – har bir o`quv binosi interaktiv doskalar bilan jihozlanganligidir.

Qurol-aslaha va otish kafedrasi o`qituvchisi podpolkovnik Ruslan Radjabov so`zlariga ko`ra, ushbu zamonaviy doska kursantlarni milliy armiyamiz va chet el armiyalarida mavjud bo`lgan otish qurollarini ishlash prinsipi va mexanizmlarini o`rgatishda o`qituvchi professorlarga katta qulaylik yaratadi.

Mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov mehmonlarni yangilangan o`quv bazasi bilan tanishtirar ekan, Qurolli Kuchlar akademiyasi tinglovchilari va kursantlari bunday e`tibordan yanada ruhlanib, o`z mutaxassisliklarining etuk egalari bo`lib etishishlarini alohida ta`kidlab o`tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar