Ko`hna shaharlarimizda mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarga xizmat ko`rsatish va joylashtirish vositalarini qurib, foydalanishga topshirishda tadbirkorlar bilan bir qator tashkilotlar ham faol ishtirok etmoqda.
Jumladan “O`zbekiston temir yo`llari“ aksiyadorlik jamiyatining “Xiva Lokomotiv“ mas`uliyati cheklangan jamiyati bu borada boshqalarga namuna bo`layotir. Jamiyat tomonidan qurilib foydalanishga topshirilayotgan yangi ikki qavatli mehmonxona 76 o`rinli bo`lib, milliy me`morchilik an`analari asosida barpo etildi. Jahon andozalari mos ravishda jihozlandi. Shu bilan birga temir yo`l vokzaliga yaqin joylashganligi mehmonlar uchun qulaylik yaratadi. Undan Ichan Qal`agacha piyoda yurib borish mumkin. E`tiborlisi shuki, mehmonxona mijozlariga eski shaharga borib kelish uchun bepul ot arava va elektrokar xizmati joriy etilgan.
Mazkur ob`ekt “O`ztemiryo`lovchi“ jamiyati Ko`hna Xivada bunyod etilgan ikkinchi mehmonxona hisoblanadi. Birinchisi "Ichon qal`a" va "Deshon qal`a" oralig`ida joylashgan. Bahorda topshirilgan 70 o`rinli ushbu mehmonxona bugungi kungacha olti ming nafar mehmonga xizmat ko`rsatdi.
Yangi mehmonxonaning ochilishida hududlardan kelgan turli sohalarda faoliyat yuritgan faxriylar ishtirok etdi.






