2015-2018 yillar davomida qidiruvdagi 1 ming 457 nafar shaxsni respublikaga ekstradisiya qilish uchun davlat byudjetidan qariyb 30 milliard so`m sarflangan.
Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida ma`qullangan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun joriy yil 28 avgustda davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, matbuotda e`lon qilindi.
Ushbu yangi qonun bilan 5 kodeks va 3 qonunga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.
Jinoyat-ijroiya kodeksi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”, “Jinoyat ishini yuritish chog`ida qamoqda saqlash to`g`risida”gi qonunlarga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid bir qator qarorlari ijrosini ta`minlashga qaratilgan.
Qonunchilikka kiritilgan tuzatishlarga ko`ra, endilikda ozodlikdan mahrum qilingan va jazoni manzil-koloniyalarida o`tayotgan shaxslarga pensiya to`lash joriy etiladi. Mahkumlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatilishi ta`minlanadi.
Ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar jazoni ijro etish muassasalariga jo`natilishida shaffoflik ta`minlanadi. Mahkumlar ovqat eyishni rad etganda qo`llaniladigan choralar va ular tartibini belgilovchi organlar aniqlashtirildi. Ularga beriladigan uchrashuvlar, telefon orqali so`zlashuvlar, posilka yoki yo`qlov va banderollar olishning miqdorlari ko`paytiriladi. Bu bilan mahkumda huquqqa itoatkor hulq-atvorni shakllantirish mumkin.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish va javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta`minlash maqsadida Jinoyat-prosessual kodeksi qidiruvda bo`lgan shaxs pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilish muddatini to`xtatish va tiklash tartiblarini belgilovchi yangi bob bilan to`ldirildi.
Jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan bunday cheklovni joriy qilish quyidagilar bilan izohlanadi:
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2016 yilda 23,6 ming nafar qidiruvdagi shaxsdan 11,2 ming nafari, ya`ni 47,5 foizi ushlangan bo`lsa, bu ko`rsatkich 2017 yilda ‒ 36 foizni, 2018 yilda esa ‒ 38 foizni tashkil etgan.
O`z o`rnida, qidiruvdagi shaxslarni qidirish uchun katta kuch va vositalar jalb etilmoqda. Xususan, 2015-2018 yillar davomida 1 ming 457 nafar qidiruvdagi shaxsni respublikaga ekstradisiya qilish uchun davlat byudjetidan qariyb 30 milliard so`m sarflangan.
Bundan tashqari, qidiruvda bo`lgan shaxslar sodir etgan jinoyati boshqa davlat qonunchiligiga asosan jinoyat deb topilmasligi, bunday toifadagi shaxslar boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganligi yoki qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilmaganligi sababli ularni ushlab berish haqidagi so`rovlar ijro etilmasligiga olib kelmoqda.
Xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, AQSh, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Gruziya va boshqa qator davlatlarda jinoyat ishi bo`yicha ayblanuvchilar (sudlanuvchilar) suddan yashirinishining oldini olish, qidiruvda bo`lgan shaxslarning xorijiy davlatlarda harakatlanishini cheklash va o`z yurtiga qaytarish maqsadida fuqarolik pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilish muddatini to`xtatish amaliyoti keng qo`llanilib kelinmoqda.
Qonun bilan kiritilgan o`zgartishlardan yana bir muhim jihati tibbiyot sohasi bilan bog`liq. Sir emas, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari chaqiruv joyiga vaqtida etib borishi bilan bog`liq ayrim muammolar mavjud. Xususan, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo`l harakati qoidalarini buzganligi bo`yicha ayrim holatlarda javobgarlikka tortilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlariga asosan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017, 2018 yillarda va 2019 yilning yanvar oyida jami 1 ming 644 ta yo`l harakati qoidasi buzilgani qayd etilgan.
Qoidabuzarlik sodir etgan, deya baholangan huquqbuzarliklar uchun 2017 yilda 16 nafar, 2018 yilda 110 nafar tez tibbiy yordam xaydovchisi jarima to`lagan.
Bu esa tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilarining asosli noroziligiga sabab bo`lmoqda. Natijada tez tibbiy yordam ko`rsatilishi zarur bo`lganda ham ularga svetoforning taqiqlangan chirog`ida kutib turish, belgilangan tezlikni oshirmasdan harakatlanishi oqibatida bemorga o`z vaqtida yordam ko`rsatish imkoniyati pasaymoqda.
Yuqoridagilarga asosan qayd etilgan holatlarning oldini olish maqsadida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 171-moddasi quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to`ldirilmoqda: “Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek, ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo`l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, kechiktirib bo`lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma`muriy qoidabuzarligi o`ta muhim holatlarda sodir etilgan, deb topiladi va ma`muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi”.
Qonunchilikka mehnat va uni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o`zgartishlar ham kiritildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining statistik ma`lumotlariga ko`ra, ish beruvchilar tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida 2017 yilda 18 ming 457 ta huquqbuzarlik sodir etilgan bo`lsa, 2018 yilning birinchi yarim yilligida bu ko`rsatkich 18 ming 774 tani tashkil qildi.
Ma`muriy huquqbuzarliklar dinamikasi, ularning soni keyingi yillarda oshib borayotganligi amaldagi ma`muriy jazo turlari hamda sanksiyalarga tegishli o`zgartishlar va qo`shimchalar kiritish zarurligini ko`rsatdi.
Shu munosabat bilan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun; voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo`l qo`ymasligi to`g`risidagi talablarni buzganlik uchun; aholini ish bilan ta`minlash to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun; mehnatga ma`muriy tarzda majburlaganlik uchun; bo`sh ish o`rinlarini yashirganlik uchun kabi huquqbuzarliklar amaliyotda ko`p sodir etilayotganligini hisobga olib va xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalariga javobgarlikni kuchaytirish maqsadida o`zgartishlar kiritildi.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlarning huquqlarini mustahkamlash va kengaytirishga, mahkumlarning sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga, shuningdek, jinoyat-ijroiya qonunchiligi va jazoni ijro etish muassasalari faoliyati amaliyotida inson huquq va erkinliklarining xalqaro standartlarini implementasiya qilishga imkon beradi.
Ekstradisiya qilishning imkoni bo`lmagan qidiruvdagi shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta`minlaydi. Shuningdek, qidiruvda bo`lgan shaxslarning salmog`ini kamaytiradi va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tez tibbiy yordam avtomashinalari bilan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo`l harakati qoidalarini buzish bilan bog`liq amaliyotdagi ayrim muammoli holatlar bartaraf etiladi hamda bunday transport vositalari xaydovchilarining asossiz javobgarligining oldi olinadi.
Aholi bandligi va mehnat muhofazasi sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirish hamda sohadagi huquqbuzarliklarni toifalashda yagona huquqni qo`llash amaliyotini ta`minlash imkonini beradi.
Rashid PIRMATOV,
Oliy Majlis Senati a`zosi.






