2019 yil 16 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegasiya a`zolari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, O`zbekiston-Rossiya parlamentlararo munosabatlari kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilingan Qonunchilik palatasidagi uchrashuvning maqsadi ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat bo`ldi.
Muloqotda qayd etilganidek, O`zbekiston jahonning turli mamlakatlari parlamentlari bilan samarali va do`stona munosabatlarni o`rnatilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi bilan hamkorlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining strategik yo`nalishlaridan biri ekani aytiladi.
Muloqot chog`ida yuqori martabali mehmonga mamlakatimiz parlamenti, jumladan, Oliy Majlis quyi palatasining qonunchilik faoliyati, qonun ijodkorligi, qo`mita va fraksiyalarning ish uslublari, shuningdek, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar to`g`risida so`zlab berildi.
Konstruktiv va o`zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikasiya, madaniy-ma`rifiy va boshqa sohalardagi aloqalar ko`lamini yanada kengaytirish borasida ham fikr almashildi.
Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin samimiy qabul va suhbat uchun minnatdorlik bildirib, konstruktiv muloqotning kelgusida ham izchil davom ettirilishida o`zaro manfaatlilik, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlanishida parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu yo`nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ekanini ta`kidladi.
Muzokaralar yakunida Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o`rtasida parlamentlararo hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolash marosimi bo`lib o`tdi.
Rossiya parlamentariylariga O`zbekiston Respublikasida navbatdagi parlament saylovlarini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish bo`yicha taklifnomalar taqdim qilindi, deyiladi xabarda.






