AsosiyJamiyat

Konya va Selchuk shaharlarining turizm turlarini rivojlantirishga doir tajribasi o`rganilmoqda

'Konya va Selchuk shaharlarining turizm turlarini rivojlantirishga doir tajribasi o`rganilmoqda'ning rasmi

O`zbekistonning turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari Turkiya madaniyat va turizm vazirligi hamda Konya va Selchuk shaharlari hokimliklariga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif Turk dunyosi Mahalliy hokimiyatlar birlashmasi hamkorligida tashkil etildi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligida O`zbekiston delegasiyasi vakillari vazir o`rinbosari Nodir Alpaslan bilan uchrashishdi. Unda O`zbekistonda turizm sohasiga davlat darajasida, milliy iqtisodiyotning strategik tarmog`i sifatida e`tibor qaratilayotgani, mamlakatda “Turizm to`g`risida”gi Qonun qabul qilingani, turizmning yangi turlari joriy etilayotgani va biznes vakillariga qator imtiyozlar berilayotganligi alohida e`tirof etildi.

Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o`rinbosari Nodir Alpaslan Turkiyaning turizm sohasida bugungi kungacha bosib o`tgan yo`li haqida so`zlab, ayni kunda bu bo`yicha yangi strategiya ishlab chiqilayotganligini ta`kidladi. Vazirlik har yili o`rtacha 150 dan ortiq turizm yarmarkasida ishtirok etgan bo`lsa, joriy yilda ushbu ko`rsatkich 15 tani tashkil etgan. Nodir Alpaslan bu jiddiy burilish ekanini qayd etdi. Uning ta`kidlashicha, endilikda Turkiyaning turizm salohiyatini elektron (internet, ijtimoiy tarmoqlar, sayt, dasturlar, televidenie va b.), kino, taniqli insonlar va boshqa usullar orqali targ`ib qilishga katta ahamiyat beriladi. Shuningdek, vazir o`rinbosari Turkiyada turizmni rivojlantirishda jamoat tashkilotlarining roli muhim ekaniga e`tibor qaratdi hamda vazirlikda turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari bilan ishlash bosh boshqarmasi mavjudligini ma`lum qildi.

Shunisi diqqatga sazovorki, joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasida ham shunday mexanizmning tashkil etilganligi muhim qadamlardan biri sifatida e`tirof etildi. Uchrashuv yakunida Nodir Alpaslan O`zbekistonning ziyorat turizm salohiyatini yuqori baholab, bu yo`nalishda ikki tomonlama hamkorlik qilishni taklif etdi. Joriy yilning 11 sentyabr kuni Konya va Selchuk shaharlari hokimliklarida “Turizm faoliyatida hokimiyat tomonidan olib borilayotgan ishlar ” mavzusida seminarlar tashkil etildi. Konya shahar hokimining turizm masalalari bo`yicha o`rinbosari Choshkun Bilgi Konyaning turizm salohiyati haqida ma`lumot berib, xorijiy turistlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Xususan, Konyada 32 tuman mavjud bo`lib, ularda ziyorat, madaniy, tibbiy, eko, MICE va gastronomik turizm yaxshi rivojlangan. Ma`lumot uchun: Konya har yili 3,5 millionga yaqin xorijiy turistni qabul qiladi. Buning uchun hokimiyat tomonidan transport va yo`l infratuzilmasini takomillashtirishga alohida etibor qaratilgan.

Ayni kunda Istanbul-Konya-Istanbul avia (har kuni 2 ta reys), Istanbul-Ankra-Konya-Eskishahar-Istanbul tezyurar poezd (kuniga 10 reys) qatnovlari yo`lga qo`yilgan, 100 ga yaqin 7/24 soat xizmat ko`rsatuvchi avtobus va ularda viza kartalari orqali chipta xarid qilish tizimi mavjud. 38 ta mehmonxona qurilgan bo`lib, o`rinlar soni 6,5 mingtani tashkil etadi. Tashrif davomida Selchuk shahar hokimi Ahmet Pekyatirmasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda shahar hokimi turizmning yangi turlarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganini qayd etdi. Xususan, oilaviy sayyohlarni jalb qilish maqsadida “Tropik kapalaklar bog`i” tashkil qilingan.

Bog`da 98 turga oid 20 mingta tropik va 15 turdagi 6 mingga yaqin kamalaklar mavjud. Har yili “TripAdvisor” sayti orqali 400 mingta xorijiy sayyoh shu bog`ga tashrif buyuradi. Shuningdek, Selchuk shahrida MICE turizmini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, 2017 yilda “Selchuk kongress markazi” barpo etilgan bo`lib, u xalqaro anjumanlar, yarmarka, konferensiya va seminarlar, taqdimot va premeralar o`tkazish uchun mo`ljallangan. Umumiy hajmi 3,5 gektarni tashkil etadi. Kongress markazida o`tgan yili jami 350 tadbir o`tkazilgan.

    Boshqa yangiliklar