AsosiyJamiyat

IIV Malaka oshirish instituti ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazmoqda

'IIV Malaka oshirish instituti ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazmoqda'ning rasmi

Vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`ladi. Binobarin, yosh avlodda qat`iy hayotiy pozisiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak mas`uliyat tuyg`usini shakllantirish alohida muhim ahamiyatga ega.

Vatanparvarlik yoshlarda fuqarolik burchi, shaxsiy mas`uliyat hissi, kasbiy mahoratini shakllantiradigan vosita bo`lib, u Vatanga va xalqqa sadoqatning oliy ifodasidir. “Sadoqat” tushunchasining zamirida esa to`g`riso`zlik va to`g`ri amallik, o`z oilasiga, Vataniga chin ko`ngildan ixlos qo`yish, uning uchun o`z oromi va manfaatlaridan voz kechish, o`zini qurbon qilishga ham tayyor turish kabi ma`no-mazmun yotadi.

Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz ma`naviyat va ma`rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma`naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko`radi. Vijdon, ma`naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir”, deb ta`kidlab o`tgan edilar.

Ma`rifat tarqatish yo`lida esa hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ustuvor vazifaning dolzarbligidan kelib chiqib, IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.

Xususan, Namangan viloyati Chortoq tibbiyot kollejida o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirda “Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati” haqida so`z yuritildi.

– Bugungi tadbirda biz vatanparvarlik, adolatparvarlik, sodiqlik, sadoqat va odillik tushunchalarining mazmun-mohiyati va ularning ahamiyati haqidagi tushunchalarga ega bo`ldik, – deydi ushbu kollejning 2-bosqich o`quvchisi Gullola Yuldasheva. – Ularning har bir inson hayotidagi, kundalik faoliyatidagi asosiy mezoni bo`lishi lozimligiga yana bir bor amin bo`ldik.

Ayniqsa, mazkur tadbir yakunida o`quvchilar o`rtasida tashkil etilgan “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusidagi viktorina yoshlarda katta qiziqish uyg`otdi. Viktorinalar muhokama va o`zaro savol-javoblarda qizg`in muzokaralarga boy buldi. Hay`at a`zolari o`quvchilarning faol ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, yuqori o`rinlarni egallagan jamoa a`zolariga esdalik sovg`alari topshirildi.

IIV Toshkent viloyati akademik liseyi o`quvchilari bilan o`tkazilgan uchrashuvda Malaka oshirish instituti boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat fazilatlarini kamol toptirish bugungi kundagi ustuvor vazifalardan ekanligiga to`xtalib utdi.

Yoshlar qalbiga va ongiga Vatanga hurmat, uning qadrini muqaddas deb bilish, yurtimiz ravnaqi uchun daxldorlik tuyg`usi va mas`uliyat hissini shakllantish va mustahkamlashning ahamiyati misollar orqali tushuntirib berildi.

– Bugun IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan liseyimiz o`quvchilari bilan o`tkazgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – dedi
mazkur liseyning 2-bosqich o`quvchisi Javohir To`lqinov. – Bugungi kunda davlatimiz tomonidan biz yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, Prezidentimiz tomonidan biz yoshlarga e`tiborni kuchaytirish yo`lida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish haqida so`z yuritildi.

Ayniqsa, biz bo`lg`usi ichki ishlar organlari xodimlari qanday fazilatlarga ega bo`lishlari, ya`ni adolat, odillik, halollik, sadoqat, so`z va amal birligi, xalqqa xizmat qilish tushunchalarining mazmun-mohiyati haqida berilgan tushunchalar katta taassurot qoldirdi. Shunday uchrashuvlar tez-tez tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo`lar edi.

– Bugun liseyimizda poytaxtimizdan kelgan soha mutaxassislari tomonidan o`tkazilgan madaniy-ma`rifiy uchrashuv, tashkil etilgan viktorina menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi IIV Namangan akademik liseyining 2-boskich o`quvchisi Sevinch Ganijonova. – Ona-yurt taqdiri uchun biz yoshlarning mas`uliyati, o`z Vataniga, kasbiga sadoqatli bo`lishning ahamiyati haqida so`z yuritildi. Ayniqsa, huquqbuzarliklarni oldini olishda yoshlar mas`uliyati, ayniqsa yoshlar o`rtasida uchrayotgan nojo`ya hatti-harakatlarga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan viktorina esa bizning bilimlarimizni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda tinchlikning qadriga etish, Vatanimiz mustaqilligi uchun kurashgan ajdodlarimizning faoliyatini yoshlarga tushuntirish, ularda “Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak” tuyg`usini mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg`otish davr talabi bo`lib hisoblanadi.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha sayyor o`quv yig`inlari, xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektorlar uchun ham alohida seminar-treninglar hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi xayrli ishlar davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar