12 sentyabr kuni Qo`qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy-san`atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi. Tadbir ochilishida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov va “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug`bek Abdullaev ishtirok etishdi. Aziz Abduhakimov tadbirni ochib berar ekan, festivalning Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgani hamda uning konsepsiyasini ishlab chiqishda eng avvalo xalqimizning boy madaniyatini chuqur o`rganish, ommalashtirish va jahon hamjamiyatini ko`p qirrali o`zbek xalq amaliy san`ati bilan tanishtirishga katta ahamiyat qaratilganini ta`kidladi.
“O`zbekiston YuNESKOning teng huquqli a`zosidir. Aksariyat konvensiyalarni imzolanayotganimizda biz xalqimizning ham moddiy, ham nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash majburiyatini olamiz. Ayni damda biz dunyoda globallashuv jarayoni ketayotgani va, afsuski, aksariyat yoshlarimiz ko`pincha milliy qadriyatlarimiz bilan aloqalarni yo`qotib borayotganiga, o`z mamlakatining qadimiy san`atini unutib borayotganiga guvoh bo`lmoqdamiz. Biroq shuni ishonch bilan ayta olamanki, O`zbekistonda xalq amaliy san`ati va hunarmandchiligi yuqori darajada va bugun siz bunga o`zingiz guvoh bo`lishingiz mumkin. O`ylaymanki, mazkur konferensiya davomida, o`zaro fikr-mulohazalaringiz bilan almashganingizdan so`ng siz nafaqat bizning fuqarolarimiz va xorijiy mehmonlar, balki xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun ham qiziqarli bo`lgan qo`shimcha takliflarni ishlab chiqishingiz mumkin”, - dedi Bosh vazir o`rinbosari.
Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev o`z nutqida Xalqaro hunarmandchilik festivali mahalliy ustalar mahoratini jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. “Bugun Qo`qon shahrida juda katta bayram. Ushbu Xalqaro hunarmandchilik festivali Qo`qon shahrining hunarmandchilik salohiyatini dunyoga namoyon qiladi. Qariyb bir hafta davomida Qo`qon shahri va viloyatimizning boshqa hududlarida barcha hunarmandchilik ko`rgazmalarida qatnashib, milliy mahsulotlarimiz bilan yaqindan tanishishingiz mumkin. Shaxsan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil qilingan Xalqaro hunarmandchilik festivali barchangizda katta taassurot qoldiradi, deya umid qilaman”, - deya ta`kidladi u. Anjuman kun tartibida hunarmandchilikni rivojlantirishda dunyoning turli mamlakatlarining zamonaviy tajribasi bilan tanishish va o`zaro boyitish masalalari ko`rib chiqildi. “An`anaviy badiiy hunarmandchilik rivojida xalqaro amaliyot: ijobiy tajriba va milliy strategiyalar” seksiyasi ishida aynan shu masalalarga qaratildi.
Mazkur seksiya doirasida 25 nafar ishtirokchi qatnashib, ularning ma`ruzalari “Hunarmandchilik va xalq amaliy-san`atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi “Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari” to`plamida o`zbek, rus, ingliz tillarida jamlandi. 13 sentyabr kuni konferensiyasi doirasida ikkinchi seksiya o`tkazilib, u “O`rta asrlarda Sharqda badiiy hunarmandchilik an`analari: mahorat va ilhom manbalari” nomini olgan. Bu tadbirdagi materiallar dunyoning turli nuqtalarida yashovchi usta-hunarmandlarning zamonaviy mahsulotlarini baholash mezonlarini ishlab chiqishda muhim uslubiy ahamiyatga ega. Ta`kidlash joizki, festivalda O`zbekistonning 153 tumanidan hunarmandchilik va xalq amaliy san`atining 34 yo`nalishi bo`yicha 1116 nafar hunarmand qatnashmoqda. Dunyoning 102 mamlakatidan 191 hunarmand 29 turdagi hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek tadbirda jahonning 38 nafar taniqli siyosiy arboblari va olimlari ishtiroki kutilmoqda.






