O`zbekistonning turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari va Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari Turkiya Gidlar palatalari uyushmasi (TUREB) hamda Turkiya Mehmonxona egalari federasiyasi (TUROFED)ga tashrif buyurdi.
Delegasiya vakillari Turkiya Gidlar palatalari uyushmasi Kengashi raisi Suat Tural bilan uchrashib, gidlarni tayyorlashdan tortib amaliyotigacha bo`lgan tizim, ular uchun yaratilgan sharoitlar hamda malaka oshirish, o`zaro tajriba almashinuv imkoniyatini yaratish bo`yicha qizg`in o`tkazdi. Uchrashuv davomida O`zbekiston-Turkiya gidlarining tajriba almashinuvini yo`lga qo`yish bo`yicha dastur ishlab chiqish masalasi muhokama etilib, “TUREB” Kengashi raisi Suat Tural bunga katta qiziqish bildirdi. Ma`lumot uchun: Turkiya Gidlar palatalari uyushmasi 2012 yilda tashkil etilgan bo`lib, 13 ta Gidlar palatalarini birlashtiradi.
Har bir Palataga o`rtacha 900 dan ziyod gid a`zo bo`lib, umumiy hisobda 12 mingtani tashkil etadi. Gidlarning a`zolik masalasi Qonun bilan majburiy belgilangan bo`lib, unga a`zo bo`lmay turib faoliyat yuritish taqiqlangan. Kunning ikkinchi yarmidagi uchrashuv Turkiya Mehmonxona egalari federasiyasi Boshqaruvi kengashi raisi va a`zolari ishtirokida o`tkazildi. Uchrashuvda so`nggi yillarda O`zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan mehmonxona biznesiga berilayotgan imtiyoz va sharoitlar hamda investisiya imkoniyatlari haqida ma`lumot berildi. Shu bilan birga, mehmonxona standarlari, mutaxassislarni tayyorlash, mehmonxonalarga yulduz berish, narxlarni belgilash va shu kabi boshqa masalalar muhokama etildi. “TUROFED” Kengashi raisi Birol Akman mamlakatga kelgan xorijiy sayyohning bu erga yana qayta kelishi uchun mehmonxonada xizmat ko`rsatish sifati yuqori bo`lishi muhimligini ta`kidlab, bu borada hamkorlik qilishga tayyorligini ma`lum qildi.
Shu bilan birga, u O`zbekistonda mehmonxona biznesini yuritish masalalariga katta qiziqish bildirdi. Ma`lumot uchun: Turkiya Mehmonxona egalari federasiyasi – 2005 yilda tashkil etilgan bo`lib, bugungi kunda 9 ta mehmonxonalar assosiasiyalarini birlashtiradi. Har bir Assosiasiyaga o`rtacha 400 ga yaqin mehmonxonalar a`zo bo`lib, umumiy hisobda 4 mingtani tashkil etadi. Uchrashuvlar yakuniga ko`ra, O`zbekiston Mehmonxonalar assosiasiyasi va Turkiya Mehmonxona egalari federasiyasi, shuningdek O`zbekiston Gidlar uyushmasi va Turkiya Gidlar palatalari uyushmasi o`rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.






