AsosiyJamiyat

Sholichilik sohasida Xitoy bilan hamkorlik o`rnatilmoqda

'Sholichilik sohasida Xitoy bilan hamkorlik o`rnatilmoqda'ning rasmi

Mamlakatimizda sholi etishtirishda xorij davlatlarining eng ilg`or texnologiyalarini joriy etish, sholining yangi navlarini yaratish va uni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu haqda Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi va Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti o`rtasida “O`zbekiston–Xitoy qo`shma sholichilik tadqiqotlari markazi”ni ochish bo`yicha imzolangan memorandumda ham aynan shu kabi masalalar qamrab olingan.

Xususan, hamkorlik bo`yicha 2020 yilda mamlakatimizdagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida “O`zbekiston – Xitoy qo`shma sholichilik tadqiqotlari markazi”, Xitoy milliy sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida esa ushbu markazning “O`zbekiston – Xitoy sholichilik laboratoriyasi” tashkil etiladi.

“O`zbekiston – Xitoy qo`shma sholichilik tadqiqotlari markazi”da respublikamiz mintaqalarida sholichilikning ilg`or texnologiyalarini joriy etish, qishloq xo`jaligida foydalanishdan chiqib ketgan erlarni qayta o`zlashtirish uchun sholining kam suv talab qiladigan va sho`rga chidamli navlarini yaratish ishlari olib boriladi. Shuningdek, har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan o`quv-treninglarda xitoylik olimlarning O`zbekistonda mavsumiy sholichilik bo`yicha fermer va dehqon xo`jaliklari vakillariga sohada amalga oshirilishi kerak bo`lgan tavsiyalari berib boriladi.

Bundan tashqari, hamkorlik asosida ikki davlat o`rtasida sholichilik ixtisosligi bo`yicha ilmiy xodimlar almashinuvi yo`lga qo`yiladi. Mamlakatimiz sholichilik sohasida faoliyat olib borayotgan olimlar tajribasini oshirish va yosh mutaxassislarning Xitoy Qishloq xo`jaligi Fanlar akademiyasida magistratura va doktoranturada tahsil olish imkoni yaratiladi.

    Boshqa yangiliklar