Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab “O`zbekiston Respublikasining “Shaxsiy ma`lumotlar to`g`risida”gi qonuni kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi 2019 yil 16 aprelda qabul qilgan qonunni Senat 21 iyunda tasdiqlagan.
Unga ko`ra, shaxsiy ma`lumotlar elektron, qog`oz va (yoki) boshqa moddiy vositalarda qayd etilgan, muayyan shaxsga tegishli yoki uni identifikasiya qilish imkoniyatini beruvchi ma`lumotdir. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat personallashtirish markazi shaxsiy ma`lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilangan edi.
Qonun kuchga kirgandan so`ng (ya`ni 2019 yil 1 oktyabridan boshlab), barcha shaxsiy ma`lumotlar bazalari egalari va operatorlari O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma`lumotlarini dastlab ulardan rozilik olgan holda saqlash va qayta ishlashlari hamda shaxsiy ma`lumotlarni himoya qilish bo`yicha zaruriy huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko`rishlari lozim bo`ladi.

Bular haqida qonunning maqsad, undagi asosiy tushunchalar, shaxsiy ma`lumotlarni qayta ishlashda ishtirok etuvchi sub`ektlarning huquq va majburiyatlariga bag`ishlangan seminarda alohida qayd etildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori o`rinbosari Alisher Tolipov ishtirok etdi va barcha savollarga javob berdi.






