Milliarder asos solgan jamg`arma o`z oldiga Olmaliqdagi "MISiS" filiali o`quv jarayoniga chet ellik etakchi soha mutaxassislarini jalb etishni, shuningdek, ushbu ta`lim dargohining material-texnik hamda axborot-resurs bazasini kuchaytirishni maqsad qilib olgan.
Taniqli biznesmen va mesenat Alisher Usmonov asos solgan "San`at, ilm va sport" xayriya jamg`armasi "MISiS" Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti Olmaliq filialiga uning faoliyatini yaxshilash va dars sifatini oshirishda har tomonlama yordam berishda davom etadi. Bu haqda tashkilotning bosh ofisi ma`lum qildi.
Xabarda ta`kidlanishicha, O`zbekistondagi "MISiS" filiali loyihasini amalga oshirish jamg`armaning eng muhim va ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi va qisqa vaqt ichida tashkilot O`zbekiston tomoni bilan ushbu masalada hamkorlikni kuchaytirishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan.
Xususan, jamg`arma o`quv jarayoniga chet ellik etakchi soha mutaxassislarini jalb etish, shuningdek, ushbu ta`lim dargohining material-texnik hamda axborot-resurs bazasini kuchaytirishni maqsad qilib olgan.
Shu kunlarda Olmaliqdagi "MISiS" filiali 100 Mbit/s. tezlikka ega bo`lgan Internet tarmog`iga ulangan. Natijada, oliygoh xalqaro ilmiy va ilmiy-tadqiqot ishlari elektron bazalari va kataloglarga, ilmiy va badiiy adabiyotlarga onlayn ulanishga muvaffaq bo`lgan.
Eslatib o`tamiz, Olmaliq shahrida MISiS filiali ochilish marosimi 2018 yilning oktyabr oyida bo`lib o`tgan edi.
Tantanali ochilish marosimida RF Fan va oliy ta`lim vaziri Mixail Kotyukov, O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inomjon Majidov, "MISiS" MTTU rektori Alevtina Chernikova, OTMK boshqaruvi raisi Abdullo Xursanovlar ishtirok etgan.






