AsosiyJamiyat

Yangi o`quv yilida bojxona xodimlari o`quvchilarga “Mustaqillik darsi”ni o`tib berishdi

'Yangi o`quv yilida bojxona xodimlari o`quvchilarga “Mustaqillik darsi”ni o`tib berishdi'ning rasmi

Yoz bo`yi sokinlik og`ushida tin olgan maktablar yana bolalarning shodon qiyqirig`i bilan to`lib-toshdi. Yangi o`quv yilining ilk soatlari “Jonajon O`zbekistonim, mangu bo`l omon!” shiori ostidagi “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. Birinchi sinfga qabul qilingan bolalarning esa quvonchi cheksiz.

Yangi o`quv yilida bojxona xodimlari o`quvchilarga  “Mustaqillik darsi”ni o`tib berishdi

Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 13-umumta`lim maktabida ham dars soatlarining ilk kuni yuqori kayfiyatda bayram tadbiri bilan boshlandi. Tadbirda, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig`i T.Saidov ishtirok etib, maktab o`quvchilari va o`qituvchilarini Mustaqilligimizning 28 yilligi va yangi uquv yili bilan tabriklab ularga boshqarma nomidan kitoblar sovg`a qildi. Shundan so`ng, bolajonlar tomonidan tayyorlangan bir-biridan ajoyib bayramona qo`shiq va raqslar bayram ishtirokchilariga taqdim etildi. Farzandini birinchi sinfga olib kelgan ota-onalar ko`zlarida quvonch ko`z yoshlari. O`quv yilining ochilishida so`zga chiqqanlar, bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va yoshlar erishayotgan yutuqlarni ta`kidlashib, o`quvchilarga ta`lim jarayonida ulkan zafarlar tilashdi.

Bayram tadbiridan so`ng, barcha o`quvchilar uchun “Mustaqillik darsi” boshlandi. Yosh avlodning kelajakda vatanga sodiq, etuk kadrlar bo`lib etishishida mustaqillikning eng oliy ne`matlardan biri ekanligini bilishi zarur, albatta. Mazkur dars soatida boshqarma boshlig`i T.Saidov o`z hayot va kasb tajribasidan kelib chiqib o`quvchilarga “Mustaqillik darsi”da tavsiya va fikrlarini bayon etdi.

Shuningdek, dars jarayonida, Muhtaram yurtboshimiz raisligida 23 avgust kuni xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida, maktab ta`limi tizimini isloh qilish bo`yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta`lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o`qitish metodlari, ta`lim standartlari, darslik va o`quv qo`llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg`or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an`ana va qadriyatlarga suyanish muhimligi borasidagi davlatimiz rahbarining ilgari surgan g`oyalarini dolzarb ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

Dars yakunida, o`quvchilarga, yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanib yurtimizga, ajdodlarimizga munosib farzandlar bo`lib kamol topishi yuzasidan samimiy tilaklar bildirildi.

-

-

-


    Boshqa yangiliklar