Xivada ilk “Yoshlar mehmonxonasi” foydalanishga topshirildi. Asosan yosh sayyohlarga xizmat ko`rsatishga mo`ljallangan mazkur mehmonxona 300 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, unda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mehmonxonada tennis, bilyard va fitnes zallari, kovorking markazi tashkil etilgan. Mehmonxonaning katta zalida turli taqdimotlar, moliya, boshqaruv va xorijiy tajriba, yangi texnologiyalar, oila va psixologiya, sport va boshqa qiziqarli ma`lumotlarni qamrab olgan seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu erda 50 ta ish o`rni yaratilgan bo`lib, shundan 30 o`ringa yoshlar qabul qilindi.
Maqsad yosh sayyohlarni qadimiy Xorazmning ko`hna shaharlari, tarixiy obidalari, betakror tabiati, urf-odat va an`analari bilan oshno etish, xorijiy sayyohlarni jalb qilish, ular e`tiboriga O`zbekistonning iqtisodiy-siyosiy, madaniy, turizm salohiyatini namoyish etuvchi ko`rgazmalarni taqdim qilishdir.Bu xayrli tashabbus yurtimizda yoshlar turizmi va mehmondo`stlik industriyasining o`sishiga munosib hissa qo`shadi. Kelgusida bunday mehmonxonalar barcha viloyat markazlarida barpo etilishi ko`zda tutilgan.






