AsosiyJamiyat

Soqolni majburan hech kim qirmagan va qirmaydi ham

'Soqolni majburan hech kim qirmagan va qirmaydi ham'ning rasmi

Poytaxtda har yili shahar aholisining xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan «Xavfsiz hudud» tadbirlari o`tkazilmoqda. IIBB matbuot xizmatiga ko`ra, ushbu tadbirlar davomida jamoat joylari, jumladan, Sayilgoh ko`chasi, bog`lar va xiyobonlar, ko`ngilochar-savdo markazlari, bozorlar va hokazolarga alohida e`tibor qaratiladi.

Ba`zi ob`ektlarda vaziyatni kuzatish uchun tashqi kuzatuv intellektual kameralaridan foydalaniladi. Ma`lumotlar bazasiga qidiruvda bo`lgan shaxslarning biometrik pasportlaridagi ma`lumotlar, ya`ni tartib bo`yicha ko`zoynaksiz, bosh kiyimisiz va soqolsiz tushirilgan rasmlari kiritilgan.

23—24 avgust kunlari Shayxontohur tumanidagi «Malika» savdo maskanida bo`lib o`tgan hodisaga to`xtaladigan bo`lsa, u erda ishlaydigan ba`zi shaxslar bo`yicha o`g`rilik, o`g`irlangan qo`l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o`tkazilgan. Afsuski, bu kabi holatlar hanuz ro`y berib turadi va ushbu savdo maskanida rasman va norasman ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolgan. Suhbatga taklif etilganlar soqoli bor yoki yo`qlarga ajratilmagan, ammo ta`kidlash joizki, soqollilar u erda ko`pchilikni tashkil etadi.

Alohida fuqarolarga tashqi ko`rinishlarini biometrik pasportlaridagi rasmlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan. Deyarli barcha ushbu iltimosni to`g`ri tushundi. Ko`plar soqol qo`yib yurish ular uchun muhim emasligi, balki vaqt yo`qligi, modaga taqlid qilish va boshqa sabablarga ko`ra soqollarini olmaganlarini ma`lum qildi.

«Qat`iy ma`lum qilamizki, yuqoridagi holatga diniy mazmunning hech qanday aloqasi yo`q. Qolaversa, bu vaziyatda dindorlarning hissiyotlari bilan o`ynashish, mazkur mavzuni bo`rttirish noo`rin.

Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Jamoat tartibini saqlash va sizning xavfsizligingizni ta`minlash oson ish emas, aksincha, ba`zida ko`p qirrali, xatarli bo`lishi mumkin. Ko`plab holatlar nozik bo`lib, inson huquqlari va erkinligi, uning shaxsiy hayoti masalalariga borib taqalishi mumkin. Shu sababli ichki ishlar xodimlari oldilariga qonun doirasida ish tutish vazifalari qo`yiladi. Fuqarolarda ham huquqlardan tashqari Konstitusiya va qonunlarga amal qilish, o`zgalar huquqi, erkinligi, sha`nini hurmat qilish majburiyati mavjud», — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar