Yaqinda "Toshshahartransxizmat" AJ shahrimizdagi jamoat transportlariga videokuzatuv kameralarini o`rnatayotgani haqida ma`lum qilgan edi. Hozircha videokameralar sinov tariqasida 24-yo`nalishdagi avtobuslarga o`rnatilgan. Mazkur videomonitoring bir qancha masalalarda samarali bo`lishi kutilmoqda. Xususan:
- huquqbuzarliklar va terrorizmning oldini olishda;
- avtotransport vositalari boshqaruvchilari qanday ishlayotganligini nazorat qilishda;
- fuqarolar va ularning mulkini tashqi ta`sirlardan himoya qilishda;

Videokuzatuv tizimining asosiy vazifasi yo`l harakati xavfsizligini oshirishni nazarda tutadi. Videokuzatuvdan foydalanish shubhali shaxslar va vositalarni aniqlash, transport yo`nalishlarini optimallashtirish uchun yo`lovchilar tashishni hisobga olish, baxtsiz hodisa yuzaga kelganda nizolarni hal qilish uchun haydovchining aybdorligi yoki aybsizligini aniqlashda yordam beradi.
Yil oxiriga qadar "Toshshahartransxizmat" AJ tomonidan barcha yo`nalishdagi avtobuslarga videokuzatuv vositalarini o`rnatish rejalashtirilmoqda.
Bu masala yuzasidan OAVlarida e`lon qilinayotgan ma`lumotlarga oydinlik kiritish maqsadida biz "Toshshahartransxizmat" AJ Matbuot xizmatiga murojaat qildik.
Ma`lum bo`lishicha, videokameralar o`rnatish tashabbusi "Toshshahartransxizmat" AJga tegishli. Bu amaliyot jamoat transportidagi yo`lovchilar oqimi, avtobus salonlaridagi tartib va tozalikni nazarot qilish imkonini beradi. Shuningdek, baxtsiz hodisalar, turli nizolar, o`g`rilik va mulkka zarar etkazish kabi hodisalarni oldini olishga yordam beradi. Jamoat transportlarini videokuzatuv uskunalari bilan ta`minlashni moliyalashtirish avtobus saroylari mablag`lari hisobiga amalga oshirilada.






