27 avgust kuni Mirzo Ulug`bek tumanida boshlang`ich ta`lim oldidan majburiy yillik maktabgacha tayyorlovdan o`tgan bolalarga ilk guvohnomalarni topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Marosimda Maktabgacha ta`lim vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig`i Shahnoza Mirziyoeva va Mirzo Ulug`bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 dekabrdagi 999-sonli "Boshlang`ich ta`limga majburiy bir yillik tayyorgarlikka bosqichma-bosqich o`tish chora-tadbirlari to`g`risidagi qaroriga muvoffiq bolalarni maktabga bir yillik majburiy tayyorlash” loyihasi boshlangandi. Loyihaning dastlabki bosqichi Qoraqalpogiston Respublikasi, Farg`ona viloyati va Toshkent shahrida amalda tatbiq etilib, 11 ming nafar bola qamrab olindi.
Mazkur dastur maktabgacha yoshdagi maktabgacha ta`lim muassasalariga bormagan bolalar uchun mo`ljallangan. Loyiha "Ilk qadam" dasturining bir qismi sifatida amalga oshiriladi va maktabda bir yillik majburiy tayyorgarlikni talab qilmaydi.
Agrippina Shin, Maktabgacha ta`lim vaziri:
- Bugun biz ilk guruh bitiruvchilariga sertifikatlarni taqdim etdik. Bu dastur haqida loyihaning tajriba bosqichida ishtirok etgan bolalarning ota-onalaridan olingan mulohazalar juda ijobiy bo`ldi. Ta`kidlab o`tishim lozimki, maktabga bir yillik tayyorgarlik - bu klassik ma`nodagi faqatgina “o`rganish” degani emas. O`kituvchilar qiziqarli o`yinlar asosida o`quvchilarni ranglar, notalar, ob`ektlar va atrof muhit hodisalari bilan tanishtiradi. Bola birinchi sinfga chiqquniga qadar, yomg`irni do`ldan, avtobusni mashinadan, sabzavotni mevadan ajrata olish qobiliyatiga ega bo`ladi. Bu yoshda bolalar miyasi harakatchan, qiziquvchan va tez qabul qiluvchi bo`ladi. Shu sababli, bola miyasini rivojlantirish, oziqlantirish juda muhim hisoblanadi. O`quv jarayoni bola yoshiga munosib tarzda qiziqarli, ijodiy tarzda tashkillashtirilgan.
Ilk bosqich yakunidan so`ng, vazirlik butun respublika bo`ylab maktabgacha bir yillik tayyorgarlikni boshlaydi.
Maktabgacha talim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 6 yoshgacha bo`lgan bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish 2020-yilda 85,2 foizni va 2021 yilda 100 foizni tashkil qilishi kerak. Toshkentda esa yil yakuniga qadar bu ko`rsatkichni 100 foizga etkazish rejalashtirilmoqda.
Janna Pak, Toshkent shahar MTB boshlig`i:
- Hozirda maktabga tayyorgarlik guruhlariga qabul qilish jarayoni uyma-uy yurib amalga oshirilmoqda. Lekin ota-onalarning o`zlari ham Maktabgacha ta`lim vazirligining hududiy boshqarmalariga murojaat qilib, tayyorgarlik guruhlaridan joy olish imkoniyatiga ega. Eslatib o`taman, davlatga qarashli maktabgacha ta`lim muassasalarining tayyorlov guruhlarida ta`lim olish bepul bo`lib, bolalarni rivojlantirishga yordam beruvchi o`yin va o`yinchoqlari, badiiy adabiyotlar bilan ta`minlangan. Dastur haftasiga 15 soatlik mashg`ulotlarni o`z ichiga oladi. Ya`ni bolalarga kuniga 3 soatli mashg`ulot o`tiladi. Farzandlarini davlatga qarashli maktabgacha ta`lim muassasalariga berishni istamagan ota-oanalar uchun xususiy maktabgacha ta`lim muassasalarida va o`quv markazlarida maktabga tayyorgarlik ko`rish imkoniyati ham yaratildi. Buning uchun nodavlat maktabgacha tashkilot mazkur xizmatlarni amalga oshirishi uchun maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan beriladigan sertifikatga ega bo`lishi kerak. Bunda esa ta`lim kursi narxini xususiy tashkilotning o`zi belgilaydi.
Kelgusida davlat tomonidan tasdiqlangan sertifikat mavjudligi birinchi sinflarga qabul qilish uchun muhim hisoblanadi. Hozirda ushbu masala Maktabgacha talim va Xalq ta`limi vazirliklari mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilmoqda.






