Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida joriy yilning iyun-iyul oylarida ayrim banklarda o`tkazilgan o`rganishlar natijasida ular tomonidan bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlari buzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan, «Ipoteka-bank» ATIB va «Xalq banki» ATBlarning tariflarida qonun hujjatlari bilan mijozlardan undirilishi taqiqlangan komissiya to`lovlari mavjud bo`lsa, «Davr-bank» XATB o`z faoliyatida mijozlarga bank xizmatlarini ko`rsatish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaslik holatlariga yo`l qo`yilgan. Jumladan, Davrbank tomonidan mijozlarga ko`rsatiladigan bank xizmat turlarining tarkibiga asosiy xizmat bilan bog`liq bo`lmagan qo`shimcha xizmatlar kiritilgan hamda bankning veb-sayti va axborot stendlarida haqqoniy bo`lmagan ma`lumotlar joylashtirilgan.
Shu munosabat bilan, ushbu banklar faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berish bilan bir qatorda, ularga nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qo`llanildi.
«Asaka bank» ATB tomonidan o`z mijoziga nisbatan shartnomaga muvofiq komissiya to`lovlarini hisoblash tartibi qayta ko`rib chiqilib, noto`g`ri hisoblangan 84 mln. so`m miqdoridagi mablag`ning mijozga qaytarilishi ta`minlandi.
Markaziy bank bundan buyon ham bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yo`l qo`ygan kredit tashkilotlariga nisbatan qonuniy ta`sir choralarini qo`llab boradi.






