AsosiyJamiyat

Test sinovlarida javoblar varaqasini belgilashga o`zgarishlar kiritildi

“O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o`tkazish tartibi to`g`risidagi Nizom”ga ayrim o`zgarishlar kiritildi. Bu haqda Davlat test markazi rasmiy sayti xabar beradi.

Unga ko`ra, birinchidan, javoblar varaqasida avval mavjud bo`lgan “Oliy ta`lim muassasasi kodi”, “Tanlov kodi” olib tashlandi va faqat “Maxsus kod” qoldirildi. Bu abiturientning kodlarni almashtirib bo`yash yoki noto`g`ri bo`yash kabi xatoliklarga yo`l qo`yishning oldini olishda yordam beradi, javoblar varaqasini rasmiylashtirish uchun kam vaqt sarflanishini ta`minlaydi.

Ikkinchidan, savollarga javob belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo`lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlandi. Bu abiturient tomonidan fan bloklarini, savollarni almashtirib bo`yash kabi xatoliklarni oldini olishda yordam beradi.

Uchinchidan, abiturient haqidagi ma`lumotlarni kiritish va imzo o`rni javob bo`yaladigan doirachalar bilan bitta betga (barcha ogohlantiruvchi yozuvlar ikkinchi betga) joylashtirildi.

Shu bilan birga, savollar kitobi bo`yicha ham quyidagi o`zgarish kiritildi:

Savollar kitobida berilgan savollar raqamlari ketma-ketlikda raqamlandi. Masalan, uchta fan bloki mavjud bo`lgan savollar kitobida birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan 37 dan 72 gacha, uchinchi fan 73 dan 108 gacha sonlar shaklida raqamlandi.

Bu abiturient tomonidan savollar kitobida to`g`ri deb tanlagan javoblarini javoblar varaqasida bo`yashda yo`l qo`yilishi ehtimoli yuqori bo`lgan, masalan bloklarni almashtirib bo`yash, savollarni almashtirib bo`yash kabi xatoliklarni oldini olishda yordam beradi.

 

 

    Boshqa yangiliklar