Shu yilning 24—28 noyabr kunlari Parij shahrida YuNESKOning nomoddiy madaniyat merosni muhofaza qilish qo`mitasining to`qqizinchi sessiyasi bo`lib o`tadi, deya xabar bermoqda uz24.uz.
Bu yil Insoniyatning nomoddiy merosi ro`yxatidagi 46 ta nomzodlar, xususan, o`zbek askiya san`ati ham ko`rib chiqiladi.
Askiya – o`zbek xalq og`zaki ijodi janri bo`lib, unda improvizasiya, qochirim va katta mahorat muhim o`rin tutadi. Askiyada ishtirok etish uchun tili o`tkirlik, hazil-mutoyibaga ustalik, badihago`ylik talab etiladi. Unda ishtirokchilar bir-biriga yonma-yon yoki qarama-qarshi turishib, raqib tomondan berilgan savolga tez, lo`nda, kulgili javob berishga xarakat qiladi.
YuNESKO tashkilotining matbuot xizxmati xabar berishicha, bu yil nomoddiy madaniy meros ro`yxatiga Qozog`istondagi do`mbira kuyini chalish san`ati, qozoq va qirg`iz o`tovlarini tayyorlash malakasi ham kiritilgan.
Ma`lumot o`rnida, YuNESKO tomonidan 2001 yildan beri Insoniyatning nomoddiy merosi va og`zaki ijodi durdona sifatida e`lon qilinib kelinadi. Shu kunga qadar 88 mamlakatning 300 ta durdonasi – urf-odat, anana, bayram, taom, xalq og`zaki ijodi, qo`shiq, raqslari Insoniyatning Nomoddiy Merosi ro`yxatiga kiritilgan.
Jumladan o`zbeklarning Katta Ashulasi (2009), Navro`z (2009), “Shoshmaqom” (2003, 2008), Boysun madaniyati (2001, 2008) bu ro`yxatga kiritilganligini eslatib o`tish kerak.





