Samarqand xalqaro aeroportida bojxonachilar tomonidan “Samarqand-S.Peterburg” yo`nalishidagi aviareys bilan uchib ketayotgan urgutlik Malikaning (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) qing`ir qilmishlariga nuqta qo`yildi, deb yozmoqda customs.uz. Qarang-ki, bu ayol ichki kiyimlariga yashirgancha 5500 AQSh dollarini olib chiqishga uringan ekan.
Shuningdek, Rossiya Federasiyasiga yo`l olgan yana bir fuqaro – bulung`urlik Barchinoy ham naqd xorijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishning xuddi shu “usuli”ni qo`llab, pand edi. Shaxsiy ko`rikdan o`tkazish natijasida bu ayol salkam 28,5 ming AQSh dollarini bojxona nazoratidan berkitgani fosh bo`ldi.
Andijon viloyati “Madaniyat” chegara-bojxona posti orqali chiqib ketayotgan qo`shni davlat fuqarosi Muattar ham qoidabuzarlikning yuqoridagi ko`rinishini tanladi. Ya`ni, bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilish maqsadida yashirincha olib o`tishga uringan 10 ming AQSh dollarini ichki kiyimlari orasiga berkitdi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo`l bojxona posti xodimlari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlarining oldi olindi. Jumladan, “Almata-Nukus” yo`nalishidagi poezd yo`lovchisi - nukuslik Azizbek qo`l yuklari orasidagi 7100 AQSh dollari haqida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yoki bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilishni go`yoki “unutib” qo`yibdi.
“Toshkent-Moskva” yo`lovchi poezdi bilan yurtimizdan chiqib ketayotgan qarshilik Zamiraning bezovtalanishini bojxonachilarning shubhalanishiga sabab bo`ldi. Amaldagi tartiblarga muvofiq ushbu ayol xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, kiyimlari ostidan 12 ming AQSh dollari hamda 20 ming Rossiya rublini beliga bog`lab olgani aniqlandi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ukrainalik Valeriyaing qing`ir qilmishlariga nuqta qo`yildi. Rostov shahriga parvozi oldidan ushbu ayol shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, ichki kiyimlari orasiga 14,5 ming AQSh dollarini yashirib, olib o`tishga uringani fosh bo`ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o`rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.
Norezidentlarga esa O`zbekistonga kirib kelayotganda o`zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.





