AsosiyJamiyat

Rashk tufayli ikki nafar qizni bo`g`ib o`ldirgan yigit 23 yilga qamaldi

Chilonzor tumani 8-mavzedagi xonadonlardan birida, shu erda yashagan ikki nafar qizlarning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi, deb yozmoqda uz24.uz "Huquq" gazetasiga tayangan holda.

Mazkur qotillik jinoyatini fosh etish yo`lida ishga aloqadorligi gumon qilingan shaxslar tergovga jalb qilinib, uyali aloqa raqamlari tahlil qilindi, ularning yashash xonadonlarida tintuv va turli ekspertizalar o`tkazildi. Natijada, mazkur  jinoyat namanganlik fuqaro Orifjon Sobirov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) tomonidan sodir etilganligi fosh bo`ldi...

1985 yilda tug`ilgan samarqandlik Sabina Turg`unova turmushga chiqib, bir nafar farzandli bo`lgach, eri bilan qonuniy ajrashmasdan turib, uyiga qaytib keldi. Bolasini onasiga qoldirib, Toshkentdagi kafelardan biriga ishga joylashdi.

Shunday kunlarning birida Orifjon bilan tanishib, u bilan yashay boshladi. Poytaxtda ular bilan birga 1991 yilda tug`ilgan Xosiyat Eshmirzaeva ham istiqomat qilardi.

Bir kuni Sabina ishga borishini aytib, kechki payt uydan chiqib ketdi. Tuni bilan ham xavotir, ham rashk o`tida qovurilib chiqqan Orifjon uni haqoratli so`zlar bilan kutib oldi. Sabina ham shunga yarasha javob qaytardi. Janjal avjiga chiqdi. Sabina yigitga hech kim emasligi, ishiga ham aralashishga haqqi yo`qligini aytib, mehmonxonaga chiqib ketganida Orifjon chidab turolmadi. Orqasidan yugurib kirdi-da, qizni bo`g`a boshladi. Qiz ovoz chiqarmay, erga yiqilgandan keyingina, qo`lini bo`shatdi. Uni o`ldi deya gumon qilib, qilmishidan qo`rqib ketdi. Biroq tezda o`zini qo`lga olib, vaziyatdan chiqish yo`lini qidira boshladi.

Bir mahal uxlab yotgan Xosiyatni eslab qoldi va uni ham “yo`qotish”ga kirishdi. Stol ustida yotgan oshxona pichog`ini olib, Xosiyatni bir qo`li bilan bo`g`ib, erga yiqitgach, pichoqni ishga soldi... Ishni bitirib, mehmonxonaga kirsa, Sabina nafas olayapti. Uni sudrab, vannaxonaga olib kirdi va kir yoyishga mo`ljallangan arqonni bo`ynidan aylantirib, yana bo`g`a boshladi. O`lganiga ishonch hosil qilgandan keyin odamlar engil tabiatli qiz ekanligini bilishsin, deya shimini echib tashlab, ustiga choyshab yopib qo`ydi. So`ngra, har ikkala qizning qo`l telefonlarini olib, uyni tark etdi...

Rashk tufayli ikki inson dunyodan bevaqt ko`z yumdi. Bunga sababchi bo`lgan kimsa esa sudning hukmi bilan 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Manba: “Huquq” gazetasi

    Boshqa yangiliklar