Toshkent viloyati Yangiyo`l va Zangiota tumanlari IIBning sobiq xodimlari yolg`iz qariyalarga nisbatan amalga oshirilgan va shov-shuvlarga sabab bo`lgan qotillik va bosqinchilik jinoyatlariga aralashgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda 12news.uz xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, 2014 yil iyunida jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi Jamoliddin Qosimov va Nargiza O`rozovani aybdor deb topib, Qosimovga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum etish, O`rozovaga nisbatan esa 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini qo`llagan edi. Ular o`zlarini kommunal xizmatlar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, ijtimoiy ta`minot xodimlari sifatida tanishtirib, yolg`iz qariyalarning uylariga bostirib kirib, qasddan qotillik qilishgan, o`g`irlik va boshqa og`ir jinoyatlarni amalga oshirishgan edi.
Tergov-surishtiruv ishlari davomida bu jinoyatlarga ikki nafar milisioner ham aralashgani ma`lum bo`ldi. Toshkent viloyati sudi vakilining so`zlariga ko`ra, Yangiyo`l va Zangiota tumanlari IIBning xodimlari 2008 yildayoq qo`lga tushgan J. Qosimov va N. O`rozovani pora evaziga ozodlikka chiqarib yurishgan.
«Agar biz o`sha vaqtdayoq jinoyatchilarga nisbatan qonuniy choralar ko`rganimizda edi, ular yolg`iz, qariyalarni o`ldirish va tunash bilan bog`liq 208ta jinoyatni sodir eta olmagan bo`lishardi», – dedi sudlangan sobiq milisionerlardan biri. Sud organlarining hukmiga asosan, Yangiyo`l va Zangiota IIBning sobiq xodimlari 13 yildan 14 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining ma`lumotlariga ko`ra, nomlari zikr etilgan IIBlarning yana ikki xodimi, xususan, Yangiyo`l IIB boshlig`i birinchi o`rinbosari ham ushbu jinoiy ish bo`yicha ayblanayotgan bo`lib, hozirga vaqtda bu shaxslar qidiruvga berilgan.





