AsosiyJamiyat

Hyundai O`zbekistonda «LUKOYL» uchun gazni qayta ishlash zavodi quradi

Hyundai boshchiligidagi konsorsium «LUKOYL» uchun 2018 yilda O`zbekistonda gazni qayta ishlash zavodini qurib bitkazadi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 24 noyabr, dushanba kuni Lex.uz’da e`lon qilingan qaroriga ko`ra, Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering kompaniyasi rahbarligidagi konsorsium O`zbekistonda gazni qayta ishlash zavodi (GQZ) kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish bo`yicha umumiy qiymati 2,662 milliard dollar bo`lgan tenderda g`olib chiqdi.

Birinchi galda, Qandim gazni qayta ishlash zavodining birinchi navbati 2018 yil 1 iyuligacha ishga tushirilishi kerak. «O`zbekneftgaz» va loyiha operatori bo`lgan «LUKOYL»ga 2015 yil 1 apreliga qadar loyihaning texnik-iqtisodiy asos (TIA)larini tasdiqlash uchun hukumatga kiritish haqida ko`rsatma berilgan.

Prezidentning ushbu qarori bilan Qandim konlari guruhi uchastkasi, Xauzak va Shodi uchastkalari, shuningdek, Qo`ng`irot uchastkasiga oid mahsulotni taqsimlash to`g`risidagi bitim (MTB)ning amal qilish muddati 7 yilga uzaytirilgan. Bundan tashqari, «O`ztransgaz» kompaniyasi («O`zbekneftgaz» sho``basi) bilan bitim doirasida qazib olinadigan tabiiy gazni eksportga sotish bo`yicha 10 yil muddatga shartnoma tuzish to`g`risidagi taklif ma`qullangan.

Ma`lumot uchun, Hyundai Engineering 2011 yil sentyabrida «LUKOYL» bilan loyiha TIAsini ishlab chiqish bo`yicha shartnoma imzolagan edi. GQZning loyihaviy quvvati – yiliga 8 milliard kubometr tabiiy gazga teng.

«LUKOYL» 2007 yil kuzida «Qandim – Xauzak – Shodi – Qo`ng`iorot» MTBsi (2004 yilda 35 yil muddatga imzolangan) doirasida «Xauzak» uchastkasida gaz qazib olishni boshlagan edi. 2010 yilda kompaniya ushbu loyiha asosida gaz qazib olishni yiliga 3 milliard kubometrga etkazdi. 2017 yilgacha MTB doirasidagi qazib olish ko`rsatkichi 8-10 milliard kubometrga etkazilishi ko`zda tutilgan.

Hozirgi vaqtda «LUKOYL» O`zbekistonda uchta loyihani amalga oshirmoqda, bular – «Qandim – Xauzak – Shodi – Qo`ng`irot», Janubi-G`arbiy Hisor konlari ustida ishlash va Orol dengizining O`zbekiston qismida xalqaro konsorsium tarkibida geologik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Rossiya kompaniyasi tomonidan bugungi kunda O`zbekistondan qazib olingan va to`plangan gaz miqdori 25 milliard kubometrga etgan.

Dastlabki ikki loyiha doirasida «LUKOYL» 2017 yilgacha gaz qazib olish hajmini yiliga 18 milliard kubometrga etkazishni, investisiyalar ko`lamini esa hozirgi kundagi 3,5 milliard dollardan 8 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirgan.

    Boshqa yangiliklar