AsosiyDunyo

Britaniyalik o`quvchi «qora bozor»da 22 ming dollar ishladi

Britaniyalik 15 yoshli o`quvchi maktabda “qora bozor” tashkil etganligi uchun maktabdan haydalishi mumkin, biroq unga taniqli firmada malaka oshirish taklifi tushmoqda. Bu haqda “Mirror” gazetasiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Tommi Rouz ismli bu o`quvchi maktab yaqinidagi maydonchada tengdoshlariga shokolad, chips va saqich sotish orqali uch yil davomida 14 ming funtga yaqin (22 ming dollar) pul ishlagan. U hatto o`ziga ikkita yordamchi ham yollab, ularga kuniga 10 dollardan haq to`lagan.

Maktab rahbariyati Tommining bunday “faoliyati” muassasada belgilangan “sog`lom ovqatlanish siyosati”ga zid ekanligini, shuningdek, unda savdo qilish uchun ruxsatnoma ham yo`qligini ta`kidlagan.

Bolakayning aytishicha, u nufuzli biznes kollejida tahsil olish uchun pul to`playotgan ekan.
Tommi maktabda shirinlik sotishni biznesga bag`ishlangan “Dragons Den” va “The Apprentice” teleshoularidan ilhomlanib boshlagan.
Yosh biznesmenning ota-onasi farzandlarining bu qilmishini qoralashmadi. Ular bolakayning aqlli va halol yo`l bilan pul topganligini aytishdi.

Ayni paytda bolakayga “Hiring-Hub” kompaniyasi rahbari Saymon Svon e`tibor qaratmoqda. U yosh biznesmenga kompaniyada malaka oshirishni taklif qilmoqda.

“Biz Tommiga haqiqatan ham kompaniyamizda malaka oshirishni taklif qilmoqchimiz”, – dedi Saymon.

    Boshqa yangiliklar