«So`nggi bir necha yildan beri Buxorodagi benzinga navbatlar xavfli darajada kattalashib ketyapti», – deb yozadi Podrobno.uz.
«Albatta, yonilg`i erkin sotiladigan davrlar ham bo`ladi, biroq, bu holat uzoq davom etmaydi. Sababi, viloyat tumanlarida benzin deyarli bo`lmaydi, shu sababli ham haydovchilar shahar AYoQShlarida benzin sotib olishga ko`nikib qolishgan. Avtomobillar soni arifmetik progressiya bo`yicha o`sib borayotgani esa vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda», – deb yozadi internet-nashr.
Qayd etishlaricha, benzin taqchilligi 6-kichik tumandagi Alpomish ko`chasi bo`ylab qurilgan, xalq orasida «hokim zapravkasi» nomi bilan mashhur bo`lgan avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchasida ayniqsa yorqin ko`zga tashlanadi. «Bu AYoQSh ish boshlaganidayoq turar-joy binolariga yaqinligi bilan hayron qoldirgandi – AYoQSh va ko`p qavatli uylar orasidagi masofada 100 metrga ham etmaydi. Lekin hozir gap bu haqda emas», – deyiladi maqolada.
Bir necha avtobus yo`nalishlari kesishadigan joyda joylashgan bu AYoQSh so`nggi bir necha oydan beri benzin uchun boshqarib bo`lmaydigan va nazorat qilinmaydigan kurash maydoniga aylanib qolgan. «Ma`lum muddat bu erda yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ko`rinib turishdi, biroq harakatlari samarasiz ekanligini tushunib, bir necha kilometr bo`lib to`planib qolgan avtomobillarni aylanib o`tishga harakat qilishmoqda», – deb yozadi Podrobno.uz.
AYoQShga kirish darvozasi shunday qurilganki, avtomobillar undan faqat bir qator bo`lib o`ta oladilar, biroq ba`zi «surbet» haydovchilar 2- va 3-qatorlarni ham tashkil qilib, o`zi shundoq ham tor bo`lgan ko`chani to`ldirishyapti va shahar yo`lovchi transporti faoliyatiga jiddiy xavf solishyapti.
«Navbatda turgan mashinalar soni ikki emas, uch xona sonlar bilan o`lchanadi, navbat qariyb besh kilometrga cho`zilgan. Navbatning oxirida turganlar qanday qilib sabr qilishayotganini aqlga sig`dirib bo`lmaydi. Yaqin oradagi uylarning aholisi esa mashinalarning shovqini va signallaridan shu qadar charchaganki, bo`layotgan hodisani odatiydek qabul qilmoqda. Biroq shaharda ko`plab sayyohlar bor. Ular aholining madaniyati haqida nima deb o`ylashayapti ekan?», – deya savol bilan murojaat qiladi Podrobno.uz muallifi.
«Qayd etish joiz, navbatda turganlarning ba`zilari bu navbatdan yaxshigina pul ham ishlashyapti. Bakini to`ldirib benzin olgan olibsatorlarda uning har litri ustiga kamida ming so`mdan qo`yib, qayta sotish imkoniyati bor. Shu sababli yana bir-ikki navbatda turaversa ham bo`ladi. Benzinga haqiqatan ham ehtiyoji bo`lganlar esa vaqtini va salomatligini yo`qotmoqda. Buning ustiga – tashqarida kuz. Zerikmaslik uchun qimmatli metrlar uchun bir-biri bilan mushtlashayotgan va gap talashayotgan haydovchilarni tomosha qilish mumkin», – deb yozadi nashr.
«Adolat bo`lsin uchun aytish lozim, shaharda benzin bor va uni erkin sotib olish mumkin. Biroq bu AYoQShlardagi yonilg`i narxi biroz qimmat. Masalan, oddiy «zapravkalar»da Ai-80 turidagi benzin 2000 so`mdan biroz qimmatroq bo`lsa, UzGazOil tarmog`ida xuddi shu turdagi «tijoriy benzin» narxi 3200 so`mni tashkil etadi. Ai-90 turidagi benzinning litrini UzGazOil’da 3400 so`mdan sotib olish mumkin», – deyiladi maqolada.
«Oddiy odam uchun ko`p narsa kerak emas. Odamlar eng oddiy savollarga – benzin nega yo`q, taqchillik sabablari nimada va bu holat qachon yakuniga etadi, nega yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bu erda tartib o`rnatmayapti, «tijoriy benzin» atamasi qaerdan paydo bo`ldi, nega narxlar bu qadar farq qiladi – javob izlamoqda, xolos. Biroq bu soha uchun mas`ul bo`lganlar mag`rurona sukut saqlashmoqda. Aftidan, ushbu sukut benzinga navbat to ularning darvozalariga qadar etib bormagunicha davom etsa kerak», – deya qo`shimcha qilinadi Podrobno.uz’dagi maqolada.





