AsosiyJamiyat

Toshkentda «VAZ-2106» haydovchisiga pichoq bilan tahdid qilib, pullari va telefonini olib qo`ygan jinoyatchilar qo`lga olindi

Toshkentda «VAZ-2106» haydovchisiga pichoq bilan tahdid qilib, pullari va telefonini olib qo`ygan jinoyatchilar qo`lga olindi, deb xabar bermoqda «Na postu» gazetasi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi kishi ishdan bo`sh vaqtlarida o`zining «VAZ-2106» rusumli avtomobilida odamlarni tashib, qo`shimcha daromad qilar edi. Shunday kunlarning birida uni ikki yigit to`xtatib, poytaxtning Mirobod tumanigacha olib borib tashlashni so`raydi. Ular taklif qilgan narx haydovchini qoniqtirgani uchun u rozi bo`ladi.

Biroq «mijozlar» manzilga etmasdan avtomobilni to`xtatishni so`raydi. Haydovchi ularning yana biror joyga kirish esiga tushgandir, deb o`ylab mashinani to`xtatadi. Biroq aslida yigitlar yon-atrofda hech kim yo`qligini payqab, to`xtashni so`ragani ma`lum bo`ladi  va ular pichoq bilan haydovchiga tahdid qilib, undan pul va qimmatbaho buyumlarini berishni talab qiladi. Yolg`iz holda qurollangan ikki zo`ravonga qarshilik ko`rsatishga tavakkal qilmagan haydovchi 120 ming so`m pul va mobil telefonini ularga berib yuboradi.

O`ljani qo`lga kiritgan jinoyatchilar ko`zdan g`oyib bo`lgach, haydovchi engil tin oladi va o`zini so`yib, mashinasini olib ketishmaganiga shukr qiladi. Biroz o`tgach esa agar ular to`xtatilmasa, boshqa birovga nisbatan xuddi shunday qilishi mumkinligini o`ylab, ichki ishlar xodimlariga murojaat qiladi. Huquq muhofazachilari tomonidan ikkala jinoyatchi ham qo`lga olingan bo`lib, ularning biri Toshkent shahrining Bektemir tumanida yashashi, ikkinchisi Qo`qon shahridan kelgani ma`lum bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar