AsosiyShou-biznes

Dilnoza Kubaeva: “Yaxshi rollarga tayyorman, rejissyorlar tayyor emas”

“Ikki avlod” loyihasiga noyabr oyida jurnalist sifatida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Yarashevani tanladik. Aktrisaning taklifi bilan ilk uchrashuv teatr va kinoda ko`pgina rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan aktrisa Dilnoza Kubaeva bilan bo`lib o`tdi.

Ra`no Yarasheva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:

— Dilnoza ham shogirdim, ham o`z qizimdek bo`lib qolgan. Uni talabalik yillaridan yaxshi bilaman. O`ta tirishqoq, boshlagan ishini oxiriga etkazmay qo`ymaydigan qiz. Doim kulib tursa-da, botinida qandaydir ma`yuslik yashirin. Bugungi suhbat orqali buni bilishga harakat qilib ko`raman.

— Dilnoza, bir teatrda ishlab, ikkimiz bir xonada grim qilsak-da, ishdan ortib yurakdan gaplashishga hech vaqt topolmaymiz. Mana bugun fursati keldi.

— Rost, sira vaqt topolmaymiz.

—  Avvallari har beshta filmdan 3 yoki 4 tasida sizni ko`rardik. Hozir esa kamnamosiz. Nega yangi kinofilmlarda kam ko`rinish berading bo`lib qoldingiz?

— Bunga biror jiddiy sabab bor deb aytolmayman. Shunchaki puxta ishlangan loyihalar, yaxshi ssenariylar kam.

Vaqt o`tavergani sayin san`atda ham avlodlar almashinuvi bo`ladi. Biz ham qachondir eng peshqadam  aktrisalar qatorida bo`lgan bo`lsak, birozdan so`ng boshqa aktrisalar o`rnimizni egallashgan. Balki sizda ham huddi shunday jarayon kuzatilayotgandir. Bugun meni o`rnimni boshqa yosh aktrisalar egallagan, degan fikrga kelmayapsizmi?

— Hali bunday fikrga borishga ulgurmadim (kulib). Menimcha yoshimga mos rollar hali oldinda. Hozir bizning kino o`tish davrini boshdan kechiryapti. Kishining yoshi ulg`aygani sayin hayotiy tajribasi ortadi. Aqli tiniqlashib, g`ayratga to`larkan. Lekin katta-katta asarlarda rol o`ynashga tayyor turganimda rejissyorlarimiz bunday asarlarga qo`l urishmayapti.

— “Kelganda kelin yoxud Andijoncha muhabbat” filmidagi rolingiz ko`pchilik muxlislaringizga manzur bo`ldi. Lekin bu filmning ssenariysi xorij filmlaridan ko`chirilganini aytib o`tish joiz. Buni bilganmidingiz.

— Bilganman albatta. Lekin bu filmda o`zbekona ruh, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qurilish, obodonchilik ishlarining, shukronalikning nafasi bor. Birgina Andijon viloyati misolida bugun mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarni namoyon etishga uringanmiz.

— Aktyor uchun ham, rejissyor uchun ham eng odil bahoni tomoshabin beradi deymiz, lekin o`zingiz rollaringizga qanday baho berasiz. Ko`nglingiz to`lyaptimi?

— O`ynagan rollarim kim uchundir bachkanalikdir, kim uchun sariq chaqaga ham tengmasdir. Lekin ularning zamirida katta mehnat yotibdi. Har birida mening yuragim, umrimning bir bo`lagi bor. Har biri hayotimdagi qaysidir xotiralarni yodga soladi. Keskin tanqidlar bo`lgan vaqtda yuragimga juda og`ir botadi. Bir necha oylik tinimsiz mehnatimizni bir onda sarobga chiqargandek bo`lishadi. Aslida ssenariylarga juda talabchan aktrisaman. Ssenariyni ko`limga olishim bilan film o`z auditoriyasiga nima beradi, aytadigan gapi bormi, tomoshabinga o`rnak bo`la olamanmi, degan talablarim bo`ladi. Tanqidiy fikrlarni eshitganimda, ularni shunchaki chetlab o`tolmayman. Uzoq o`ylayman: nahotki rol tanlashda adashgan bo`lsam...

— Masalan, teatrda o`ynagan rollarimda ham, kinodagi rollarimda ham o`zimdan qo`shilgan joylari juda ko`p. Aynan Ra`no Yarashevaga xos holatlar. Sizning rollaringizda-chi? Qahramonlaringizning  hayotdagi Dilnozaga o`xshash jihatlari bormi?

— Hammasida bor (kulib). Agar o`sha rolda o`zimni topmasam, o`ynayotgan rolimga o`zim ishonmasam, tomoshabinni qanday ishontiraman. Har bir rolda qisman Dilnoza yashaydi. Lekin “Kelgindi kelin” filmida juda qiynalganman. Erka, tantiqlik meni tabiatimga  umuman yot bo`lgan. Biroq bu filmda ham haqiqiy Dilnozani payqash qiyinmas. Filmda dadamga qo`ng`iroq qilib, “dadajon, qachon kelasiz, sog`inib ketdim” deydigan qismida aynan MENI ko`rasiz. (kulib)

— San`atga endigina kirib kelgan paytlarim atrofimda jurnalistlar juda ko`p bo`lardi. Va ko`plari “Siz oilani tanlaysizmi yoki san`atni” degan savolni berishardi. Hech ikkilanmay san`atni ustun qo`yaman, oilam uchun farzandlarimni dunyoga keltirdim, voyaga etkazyapman, ota-onam  yaqinlarim yordam berib turishibdi, shuning uchun san`atga fidoiy bo`laman deb javob bergandim. Siz bu savolga nima deb javob bergan bo`lardingiz?

— Ra`no opa o`zingizga ma`lum,  hozir sharoitim etarli. Onam, yaqinlarim yordam berib turishibdi, qo`llab quvvatlashyapti. Ochig`i hech qanday to`siqlar yo`q. Shuning uchun bu savolga qanday javob berishni ham bilmayman.

— Bu tarafdan ham bir-birimizga o`xshaymiz. Meni ham ota-onam, aka-uka, opa-singillarim ham ma`nan, ham moddiy jihatdan qo`llab quvvatlashgan. Bugungi yutuqlarimga ularning xizmati beqiyos. Ishonasizmi,  shu vaqtgacha ona bo`lib farzandlarimni istirohat bog`iga olib borgan emasman. Darslari bormi, osh-ovqati bormi hammasi yaqinlarimning zimmasida edi. Endi shu yoshga etganda o`zimning yolg`izligimni xis qilyapman.

— Hozir siz gapiryapsiz-u, ko`z o`ngimda farzandim gavdalanyapti. Men ham o`g`limni bog`larga olib borsam, deyman. O`zimni o`g`limning oldida aybdordek his qilaman.

— Dilnoza, balki shaxsiy hayotga jiddiy e`tibor berish vaqti kelgandir. Yana turmushga chiqarsiz?

— Meni borimcha qabul qiladigan, ekrandagi Dilnoza Kubaevani emas, sahna ortidagi oddiy Dilnozani sevadigan, bor nuqsonlarim, kamchiliklarim bilan yaxshi ko`radigan, muammolarimni tushunadigan, maslahatdosh, suyanch bo`la oladigan inson bo`lsa albatta turmushga chiqardim. Kerak bo`lsa tug`ishgan jigarlarimdan ham yaqin bo`la oladigan inson bo`lsin deyman. Lekin atrofimda bunday inson yo`q.

— Men ham sizday bo`lganman. Talablarim juda yuqori edi. Lekin shunday inson uchramagan. Qars ikki qo`ldan chiqadi, siz ham  qaysidir kamchiliklariga ko`z yumib, mana shu men qidirgan inson deb o`ylashingiz kerakdir.

— Mening talablarim siz aytganchalik emas. Iymonli, qalbi go`zal inson bo`lsa, albatta o`ylab ko`rardim. Hali hayot oldinda, taqdirimizga bitilganidan ortig`i bo`lmaydi-ku axir.

— Talabalik davrlaringizda teatrga kelganingizni juda yaxshi eslayman. Ona-boladek bo`lib ketdik. Ko`p intervyularda Ra`no Yarasheva ham onam, ham ustozim deganingizni eshitib ochig`i juda xursand bo`ldim. Shuning uchun ham sizni o`z qizimdek yaxshi ko`raman, kuyunaman. Har bir ona singari baxtingizni ko`rsam deyman.     Teatrimizdagilarning xonadonlaridagi yaxshi kunlar yoki boshqa hamkasblarimizning to`ylari, tantanalariga ko`p hollarda borasiz-da, tezda ketib qolasiz. Kelganingizda darrov hammaga tabassumingiz bilan quvonch ulashasiz. Lekin ko`zlaringizning tubida qandaydir ma`yuslik yashirin. Balki boshqalarga sezilmas. Nega bunday davralarda uzoq o`tirolmaysiz?  

— Uyimni, oilamni sog`inaman. O`g`limni oldida o`zimni aybdor xis qilaveraman. Chunki, ko`p vaqtim ko`chada, ishda o`tadi. Asalni ham ozi shirin deyishadi, biroz o`tirib, ko`ngil olib, onamning, o`g`limning yoniga tezroq borsam deyman. Nozik kasb egalarimiz, esa-emasa bo`rining og`zi qon degan gaplar bekorga aytilmagan. Shuning uchun bunday davralarda turli gap-so`zlar oralamasin, odamlar darrov yomon xayollarga bormasin, deb sezdirmaygina g`oyib bo`laman. Lekin o`zimizning teatrdagilar yig`ilgan davralarda o`zimni bemalol tutaman.

— O`g`lingizni qaysi kasbda bo`lishini istardingiz?

— Muhammadaminning xotirasi zo`r. Juda chiroyli qo`shiq aytadi, iqtidori bor. Lekin negadir sahnaga intilmaydi. Bu albatta mening ham  xohshim. Ba`zan,  keskin fe`l-atvori, gap so`zlarini eshita turib shifokor bo`lsa kerak deb o`ylab qolaman. Dadasining ham vasiyati shunday edi. Sulolamizda shifokorlar kam. Shuning uchun shifokor bo`lsa yo`q demasdim. O`g`lim bilan katta odamlardek gaplashaman. Bag`riga boshimni qo`yganimda, barcha dardlarimdan forig` bo`laman. Kichkina bo`la turib menga shunday suyanchiq bo`ladiki, buni so`z bilan tasvirlab berolmayman. O`g`lim oriyatim, qalqonim. Yolg`iz qolganimda, katta bo`lgach, to`ylar qilishni, kelin tushirish, o`sha vaqtlarda yaqinlarim qatori sizlar, hamkasblari qo`llab-quvvatlab turishlari ko`z o`ngimdan o`tadi. Bu orzularim ushalishiga albatta ishonaman.

Dilnoza Kubaeva, aktrisa:

— Tahririyat xodimlari kim bilan yurakdan suhbatlasha olishimni bilishibdi. Ra`no opa bilan bo`lib o`tgan suhbat haqiqatdan ham juda samimiy bo`ldi. Chunki, ikkimizning  fikrimiz ham, o`ylarimiz ham bir joydan chiqdi.

Loyiha muallifi: Qamariddin ShAYXOV

Fotomuxbir: Doniyor Ibragimov

    Boshqa yangiliklar