Xitoy Xalq Respublikasining markaziy nashrlarida 28-29 oktyabr kunlari Urganch shahrida Orol dengizi havzasida mintaqaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan xalqaro konferensiyaning yakunlariga doir qator maqolalar e`lon qilindi, deya xabar beradi uz24.uz nashri “Halq so`zi” gazetasi rasmiy sayti ma`lumotlariga tayanib.
Ana shunday maqolalarning birida mazkur konferensiyaning Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng murakkab muammolardan biri — Orol dengizining ekologik halokati va ushbu ofat oqibatida yuzaga kelgan aholi genofondi hamda salomatligi, turmush sharoiti va darajasi, Orolbo`yining o`simlik va hayvonot olami bilan bog`liq o`tkir muammolarni ko`rib chiqishga bag`ishlangani alohida ta`kidlangan.
Shuningdek, maqolada qayd etilganidek, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi 2013 yildan buyon BMT, Evropa Ittifoqi, etakchi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari ko`magida Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko`rsatish bo`yicha 300 dan ziyod loyihalardan iborat uchinchi dasturni amalga oshirmoqda va bu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 8,5 milliard dollardan ziyod mablag`ni jalb qilishi zarur.
"BMT Bosh kotibi xalqaro donorlarni Orolni qutqarishga da`vat etdi” sarlavhali yana bir maqolada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun xalqaro donorlarni Orol dengizi ekologik ofatini bartaraf etishda yanada faol qatnashishga chaqirgani ma`lum qilinadi. “Bugun Orol dengizi butunlay yo`q bo`lib ketish yoqasida turibdi. Bu yo`qotish O`zbekiston va uning tashqarisida istiqomat qiluvchi millionlab odamlarning hayotiga o`z ta`sirini ko`rsatadi”, deyiladi Pan Gi Mun murojaatida.
Maqolada ShHT bosh kotibi o`rinbosari Nurlan Akkosharovning ushbu mavzu bo`yicha bergan bayonoti o`quvchilar e`tiboriga havola qilingan. Jumladan, bosh kotib o`rinbosarining “Biz Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi bilan hamkorlikka tayyormiz... Chunki Orol birgina O`zbekistonning muammosi emas, ShHT tarkibiga kiruvchi Markaziy Osiyodagi to`rt mamlakat uchun Orol dengizi inqirozi umumiy fojia hisoblanadi”, degan fikrlari qalamga olingan.





