O`zbekiston va Turkmaniston Dunyo xayr-saxovat reytingi (World Giving Index)ning birinchi o`ttiztaligiga kirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz». Reyting 18 noyabr, seshanba kuni CAF (Charities Aid Foundation) xayriya jamg`armasi tomonidan taqdim etildi.
Xayr-saxovat bo`yicha 2014 yilgi dunyo reytingi Gallup kompaniyasi tomonidan 2013 yil davomida 135 ta mamlakatda o`tkazilgan so`rov ma`lumotlari bo`yicha tuzilgan. Mamlakatning reytingdagi o`rni xayriya tashkilotlariga mablag` o`tkazish, ko`ngilli sifatida ishlash, notanish muhtoj kishiga yordam berish kabi uchta yo`nalish bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan kelib chiqib belgilanadi.
Tadqiqot natijalariga ko`ra, O`zbekiston (28-o`rin) va Turkmaniston (23-o`rin) boshqalarga to`g`ridan-to`g`ri yordam beradigan kishilar sonining yuqori ko`rsatkichlari (tegishli ravishda 46% va 53%) hisobiga reytingda etakchilar qatoriga chiqib oldi. MDH mamlakatlaridan Tojikiston 34-o`rin, Qirg`iziston 83-o`rin, Qozog`iston 101-o`rin, Rossiya 126-o`rinlarni egalladi.
AQSh va Myanma reyting etakchilariga aylandi, uchinchi pog`onani Kanada, to`rt va beshinchi pog`onalarni esa Irlandiya va Yangi Zelandiya band etdi. Yuqori o`ntalikdan, shuningdek Avstraliya, Malayziya va Buyuk Britaniya (ettinchi o`rinni bo`lib olishdi), Shri-Lanka, Trinidad va Tobago o`rin oldi. Reytingdagi eng past ko`rsatkich esa Yamanga tegishli bo`ldi.





