AsosiyJamiyat

O`zbekistonda saylovoldi tashviqotga start berildi

17-noyabr kuni 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va chet el jurnalistlari uchun matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ommaviy axborot vositalari xodimlariga Markaziy saylov komissiyasining majlisi haqida axborot berdi va jurnalistlarni mazkur majlisda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan nomzodlarni ro`yxatga olish va saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to`g`risidagi qarorlar bilan tanishtirdi.

Xabarda eslatilishicha, mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar qonunda belgilangan muddatlarda o`zining qurultoy va s`ezdlarini o`tkazdi. Ushbu tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko`rsatildi. Shundan so`ng, siyosiy partiyalarning rahbarlari deputatlikka nomzodlarni ro`yxatga olishni so`rab Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etdi.

Ayni paytda «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida»gi Qonunning 22-moddasiga binoan, xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o`ttiz foizini tashkil etishi lozimligi haqidagi qonun me`yoriga amal qilinganiga alohida e`tibor qaratildi. Ro`yxatga olingan nomzodlarning 31,8 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlar orasida ta`lim-tarbiya sohasi vakillari 26,5 foizni, iqtisodchilar 20,8, ishlab chiqarish sohasi vakillari 20,2, huquq sohasi vakillari 14,2, sog`liqni saqlash tizimi xodimlari 10,1 foizni tashkil etadi. Nomzodlarning barchasi oliy ma`lumotli bo`lib, ularning 21,7 foizi fan doktori yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga ega. 13,8 foizi ilgari ham deputatlikka saylangan.

«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida»gi Qonunning 26-moddasiga binoan, deputatlikka nomzodlarni ro`yxatga olish qonunda belgilangan muddatda tugallandi.

Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olingan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning ro`yxati nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug`ilgan yili, qaysi partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi, ish va yashash joyi, shuningdek, uni deputatlikka nomzod etib ko`rsatgan siyosiy partiyani ko`rsatgan holda mahalliy matbuotda e`lon qilinadi.

Matbuot anjumanida deputatlikka nomzodlar ro`yxatga olingach, saylov jarayonining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlanishi ta`kidlandi. Bu jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, siyosiy raqobat va kurashning adolatli, xolisona, ochiq va oshkora olib borilishi uchun barcha siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarga teng imkoniyat va kafolatlar yaratilishi siyosiy plyuralizm, ya`ni, fikrlar xilma-xilligi asosidagi sog`lom raqobatni ta`minlaydi.

    Boshqa yangiliklar