«O`zkimyosanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi Xitoyning Poly Technologies Inc. kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida shinalar ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo`yicha shartnoma imzoladi, deb xabar bermoqda «RIA Novosti».
Xitoy kompaniyasi vakilining aytishicha, shartnoma zavodning texnolgiyalarga bog`liq qismi bo`yicha tuzilgan. Loyiha Angren shahridagi «Rezinotexnika» aksiyadorlik jamiyati negizida yiliga 3 million dona avtomobil shinalari, 200 mingta qishloq xo`jaligi shinalari hamda 100 ming metr konveyer lentasini ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurishni ko`zda tutadi. Qurilish 34 oy davom etishi rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati deyarli 200 million dollar bo`lgan loyiha «O`zkimyosanoat»ning o`z mablag`lari, O`zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi krediti hamda xorijiy zayomlar evaziga moliyalashtiriladi.





