Buni xorazmlik qabriston qorovulidan so`rash kerak.
Kutilmaganda “Falonchinikiga janozaga”, deya aytilgan xabar badaningizni bir seskantirib oladi, beixtiyor vafot etgan odam haqida o`ylaysiz. Yuzingizga fotiha tortib, duo qilasiz.
O`lim haq, ammo yaqinlarining bu musibatni qabul qilishlari, ko`nikishlari qiyin kechadi. Inson ko`p narsani unutishi mumkin, ammo og`ir kunida kimningdir bir og`iz daldasi yoki qilgan yomonligi bir umr esida qoladi.
“Otning o`limi itning bayrami”
Xalqimizda shunday maqol bor va buni bejiz keltirmadik. N. Ro`zimov (ism, familiyasi o`zartiritilgan)ning qilgan ishlari haqida shib, siz ham bu maqolni eslab qolsangiz ajabmas.
Birovning musibatli kunida unga dalda berish o`rniga, yolg`on yashiq to`qib pul undirgan bu kimsa aslida INSON degan nomga loyiqmi?! Nahotki, kimdir shu ishni qilgan, deya ajablanarsiz? Aammo bu voqea haqiqatdan ham Urganch shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli “Oxunbobo” qabristoni nazoratchisi N. Ro`zimov tomonidan sodir etilgan qallobliklar sababli ro`y bergan.
So`nggi manzil sarsongarchiligi
Janoza o`qilgach, marhumning jasadi solingan tobut tiriklar elkalari osha so`ngggi manzil - qabristonga yo`l oladi. Qabriston go`rkovi va boshqa xodimlari mayitning yaqinlari bilan birgalikda uni oldindan tayyorlangan go`rga qo`yishadi.
O`likni qabristonga qo`yish uchun tegishli hujjatlar bo`lsa bo`ldi, boshqa muammo bo`lmasligi aniq, ammo, “Oxunbobo” qabristoniga olib kelingan mayitlarning yaqinlari har bitta qabr o`rni uchun N. Ro`zimovga bir yarim million so`mdan pul berishganiga nima deysiz?!
Boshiga musibat tushib, karaxt ahvolda turgan odam marhumni so`nggi yo`lga kuzatishi, qilinishi kerak bo`lgan barcha rasm-rusumlarni bajarishi kerak. Yaqin qarindoshi vafot etgach, janoza o`qilgunicha qabrini tayyorlatish maqsadida qabristonga kelib, nazoratchi xodimlarga uchrashgan B. Jumaniyozov qabristondagi “Odam shaytonga” duch keldi.
-Mayli, bunaqa paytda ko`mak bermasak odamgarchilikdan bo`lmaydi. Ammo qabr uchun er maydoni ajratilishi kerak, bu esa pul degani-da, - maqsadga o`tdi N. Ro`zimov.
-Qancha to`lashim kerak?
-Bir million besh yuz ming, xolos. Endi rasmiyatchilik deganday. O`zingiz tushunasiz-ku.
Bunaqa paytda odamlarning ko`ziga pul ko`rinmaydi. Har qanday odam bor bo`lsa yonidan, yo`q bo`lsa, tanish-bilishdan olib bo`lsa-da, tezroq marhuning oldidagi so`nggi burchni bajarish payida bo`ladi.
“Mozordan o`tsa suyak ilib o`tadi”
Bu naql ham shunday kimsalarga aytilgan bo`lsa, ajabmas. Shu-shu N.Ro`zimov pul topishning yaxshigina yo`lini topib oldi.
“Quruq oylikka yashab, savob ish deb yuravergan ekanman-da, mana, pul topsa ham bo`larkan-ku”, deya “o`lja” izlab ko`zi darvozaga tikiladigan bo`ldi.
Kun sanab, uzoq kutmadi, axir, o`lim haq. Kimningdir paymonasi tugaydi. Yaqinidan ayrilgan A. Sobirova ham “Oxunbobo” qabristoniga marhum qarindoshini qabrga qo`yish uchun kelib, N.Ro`zimovga uchrashdi. Bu gal ham qisqa savol javob shaklidagi suhbatning yakuni N. Ro`zimovning bir yarim million so`m pulga ega bo`lishi bilan yakun topdi.
Shu tariqa N. Ro`zimov o`tgan ikki yil davomida fuqarolar A. Bekberganovadan 1 350 000 so`m, R. Xudoyberganovdan 1 500 000 so`m, N. Egamberdievadan 1 450 000 so`m, M. Jumatovadan 1500 000 so`m, A. Atajonovlardan 1 500 000 so`m pullarni olib, go`yoki ularga beminnat yordam ko`rsatdi.
“O`liklardan emas, tiriklardan qo`rq!”
Darhaqiqat, o`tganlardan emas, tiriklardan qo`rqish kerak bo`lsa, N. Ro`zimovning o`zidan ko`ra qilmishlaridan qo`rqish kerak bo`ladi. U odamlarni aldab pullarini olgani etmaganday, bu jinoyat izini yo`qotish maqsadida qabristonga dafn qilingan marhumlarni ruyxatga olish kitobini ham yo`qqa chiqardi.
Nafsi hakalak otgan N. Ro`zimov endi qabristonga qo`yilgan xayriya pullari solinadigan qutilardagi pullarga ko`z olaytirdi. Bu ishiga sherik ham bir pasda topila qoldi, qabristonda yollanma ishchi bo`lib ishlab kelgan O`. Yaxshiboev bilan birgalikda xayriya qutilardagi 3 000 000 so`mdan ortiq pullarni o`g`irlab, qo`lga kiritdi.
Ammo, tiriklar tugul, o`liklarning ham haqidan hazar qilmagan bu kimsaning ham qilmishlari fosh etildi. N.Ro`zimov o`z kirdikorlari uchun qonun oldida jaovb beradigan bo`ldi.
U qonun oldidagi tegishli jazoni olishga ulgurdi. Ammo, bu hali hammasi emas. Hali xalq oldida, vijdon oldida, eng asosiy Yaratgan oldida ham qilmishlari uchun javob berishi lozim.
Nargiza Bo`ronova





