Namangan shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yig`ilish boshlandi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatining o`tgan yilgi ko`rsatkichlarini tahlil qilib, yangi vazifalarni belgilab bermoqda.
- O`tgan yili qanday natijalarga erishdik, odamlar hayotida nimalar o`zgardi, degan savol hammamizni qiynashi kerak. Bu savollarga javob topish uchun har kuni izlanishimiz, zamon talablarini o`rganib, ilm bilan, aql bilan mehnat qilishimiz zarur. Shunda iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo`ladi. Nima degani raqobatbardosh? Chet elda bozor topish, dunyoga munosib bo`lish degani. Qachon munosib bo`ladi? Ilg`or texnologiya bo`lsa, ularni ishlata oladigan yoshlarimiz bo`lsa, sifat bo`lsa, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda 2018 yilda umumiy qiymati 1,8 trillion so`m bo`lgan 577 ta ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish ob`ektlari ishga tushirilgani, investisiyalar hajmi 1,7 barobarga oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Namangan viloyatini rivojlantirish bo`yicha mavjud imkoniyatlar va rezervlar to`liq ishga solinmayotgani ko`rsatib o`tildi. O`tgan yili yalpi hududiy mahsulot o`sishi respublika ko`rsatkichidan 2 barobar past bo`lgani, qishloq xo`jaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaygani tanqid qilindi.






