Kecha, 27 fevral kuni Belarus Respublikasining poytaxti Minsk shahrida MDHga a`zo davlatlarning Mudofaa vazirlari kengashi qoshidagi Sport qo`mitaning navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston tomonidan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi jismoniy tayyorgarlik va sport bo`limi boshlig`i podpolkovnik Aziz Haydarov hamda Mudofaa vazirligi Sport klubi boshlig`i podpolkovnik Mansur Mamadaminov ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur yig`ilishda MDHga a`zo davlatlar Rahbarlari kengashi tomonidan 2018 yil 28 sentyabrda imzolangan «1941—1945 yillarda Ulug` Vatan urushidagi G`alabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko`rish to`g`risida”gi qarorida belgilangan masalalar ijrosiga qaratildi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida Qozog`iston Respublikasida MDHga a`zo mamlakatlarning oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari o`rtasida birinchi marotaba Harbiy-sport o`yinlarining o`tkazilishi muhokama qilindi.
Yig`ilish davomida 2020 yilda MDHga a`zo davlatlar do`stona armiyalari o`rtasida III Harbiy-sport o`yinlarini tashkil etish ko`rib chiqildi. 25 may – 3 iyun kunlari o`tkazilishi rejalashtirilayotgan o`yinlar 6 ta yo`nalish bo`yicha o`tkaziladi. Shuningdek, Qo`mita ishida 2019 yilda Qirg`iziston hududidagi Lenin cho`qqisi hamda 2020 yilda Tojikistonning Kommunizm cho`qqisiga guruh tarkibida harbiy-sportchilarning chiqishi bo`yicha musobaqalarni birinchi marta o`tkazishga kelishib olindi. (Ma`lumot o`rnida, Lenin cho`qqisining balandligi 7134 metr bo`lib, kattaligi bo`yicha MDHda uchinchi o`rinni egallaydi. Kommunizm cho`qqisining balandligi esa 7495 metrni tashkil etib, dunyoning eng baland cho`qqilar reytingida 50-o`rinni egallaydi).
Xalqaro armiya o`yinlaridan keyingi o`rinda kelayotgan va MDHga a`zo-davlatlarida tobora ommalashib borayotgan Hamdo`stlikka a`zo davlatlar Do`stona armiyalarining spartakiadasi bu yil ham murosasiz bo`lishi ko`zda tutilgan.
Xususan, o`tgan yilda Toshkentda o`tkazilgan “Armiya qo`l jangi” bo`yicha xalqaro musobaqalarda harbiylarimiz umumjamoa hisobida g`alaba qozongan edi. Bu yilda mazkur musobaqalarga Qozog`iston mezbonlik qiladi.
Spartakiada doirasida o`tkaziladigan komandirlik startlari va harbiy ko`pkurash musobaqalari shu yilning iyul oyida Belarusda bo`lib o`tadi. (O`tgan yilda Rossiyada o`tkazilgan komandirlik startlari musobaqasida mamlakatimiz vakillari 2-o`rinni egallagan edi).
Yangilik sifatida spartakiadaning “PM-3 va AK-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” musobaqalariga O`zbekiston mezbonlik qiladi. Shuningdek, Spartakiadaning “Tog` uchkurashi” bahslari sentyabr oyida Rossiya hududida bo`lib o`tadi (o`tgan yilda o`zbekistonlik harbiylar bu yo`nalishda ikkinchi o`rinni egallab qaytgan).

Ta`kidlab o`tamiz, mazkur musobaqalarning barchasida O`zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari ishtirok etishi ko`zda tutilgan.
Yig`ilish davomida Hamdo`stlikka a`zo davlatlarning qurolli kuchlari o`rtasida jismoniy tayyorgarlik va sport sohasida hamkorlikning “Istiqbolli reja” loyihasini tayyorlashga ham kelishib olindi. 2019 yilning yakunlari bo`yicha navbatdagi yig`ilish Qozog`istonda o`tkaziladi.






