AsosiySiyosat

Prezident To`raqo`rg`ondagi eng zamonaviy sanoat korxona faoliyati bilan tanishdi

'Prezident To`raqo`rg`ondagi eng zamonaviy sanoat korxona faoliyati bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev To`raqo`rg`on tumanidagi “FT Textile group” qo`shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

“Shahand” qishloq fuqarolar yig`inidagi korxona binosi bir paytlar qarovsiz holda edi. Davlatimiz rahbarining har bir hududdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solib, aholini ish bilan ta`minlashga qaratilgan siyosati natijasida ushbu inshoot mahalliy tadbirkorga berilgandi. Tez orada bino ta`mirlanib, Germaniyadan zamonaviy ip yigiruv mashinalari keltirib o`rnatildi. Boshqa uskunalar Belgiya, Shveysariya, Hindiston va Turkiyadan olib kelindi. Shu tariqa o`tgan yili korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Yon-atrofdagi Bog`ishamol, Dukat, Temirqishloq, Olchin, Axsi kabi mahallalarda yashovchi 300 kishi doimiy ish bilan ta`minlandi.

Bugungi kunda korxonada yiliga 15,6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Ular Xitoy, Rossiya, Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda. O`tgan yili 10 million dollarlikdan ziyod mahsulot chet ellarga etkazib berilgan. Korxonaning ikkinchi bosqichida yiliga yana 20,8 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish, 200 ta qo`shimcha ish o`rni yaratish rejalashtirilgan.

Yana bir muhim tomoni, ushbu korxona elektr energiyasi bilan o`zini o`zi ta`minlaydi. Bu erga Germaniyadan eng zamonaviy gazogenerator keltirib o`rnatilgan. Ish jarayonida paydo bo`ladigan issiq suv ham behuda ketmaydi. 9 gektar issiqxonani isitadi.

– Mamlakatimizda o`z ishiga innovasion yondashadigan tadbirkorlarning yangi avlodi paydo bo`lmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Ularning safini kengaytirish, doimo qo`llab-quvvatlash lozim.

Davlatimiz rahbari qo`shma korxona ishchilari bilan muloqot qildi.

Shu erda O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida amalga oshiriladigan investisiyaviy loyihalar taqdimoti ham o`tkazildi. Ularga muvofiq, 43 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, “O`zavtosanoat” AJ tomonidan avtomobillar yoritish chiroqlari, “Norin moto bayk” korxonasida moped, skuter, motosikl va motorollerlar, Pop tumanidagi “Uz youcheng group” qo`shma korxonasida tikuvchilik dastgohlari ishlab chiqarish kabi ko`plab loyihalar haqida ma`lumot berildi.

Prezidentimiz ushbu loyihalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar